Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Isroilda koronavirusning “britancha” mutatsiyasi tarqalishi bolalar orasida virusga chalinish holatini ikki yarim baravarga oshirdi. Bu esa Isroilning yirik klinik markazlarida ixtisoslashgan pediatrik COVID reanimatsiya bo‘limlari ochilishini talab qilmoqda. Mutaxassislar yangi shtammlarning tarqalishi va yosh bemorlarning soni ortishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashga urinmoqda. Bu haqda Quddusdagi Xadassa Eyn Karem kasalxonasida ochilgan pediatrik COVID reanimatsiya bo‘limining yetakchi pediatri, doktor Asaf Mandel bergan ma’lumotga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Foto: “RIA Novosti”

“Ayniqsa, Quddusda kasalxonalarga koronavirusga chalingan bolalarning murojaati tobora ortayotgani ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun yosh bemorlar uchun koronavirus bo‘yicha reanimatsiya bo‘limini ochishga to‘g‘ri keldi. Mutatsiya bolalarga qanchalik ta’sir qilishini hali bilmaymiz. Hozirda bu borada intensiv izlanish olib borilmoqda, umid qilamanki, tez orada kerakli javobni olamiz”, — dedi doktor Mandel.

Isroilda kunlik koronavirus infeksiyalarining 70 foizini tashkil qilayotgan mazkur mutatsiya ko‘proq bolalarga ta’sir qiladi, deya taxmin qilinmoqda. Bu taxminlar hali ilmiy tasdiqlanmagan, bolalar orasida kasallikning ortishi boshqa, jumladan, ijtimoiy omillarga bog‘liq bo‘lishi ham mumkin, deydi immunolog, professor Polina Stepenskaya. Taxminlar ilmiy tasdig‘ini topgunga qadar biz vaziyatga bolalardagi o‘ziga xoslik, virus yuqtirishga genetik moyillikning bor yoki yo‘qligi va shu singari omillarni o‘rganish orqali izoh beramiz, deya qo‘shimcha qildi shifokor.

Professorning ta’kidlashicha, Quddusning pravoslav tumanlari aholisining aksariyat qismi Sog‘liqni saqlash vazirligining cheklovlariga rioya qilmayotgani bolalarda kasallikning ortishiga ta’sir qiluvchi ijtimoiy omillardan biridir. Shu bilan birga, Isroildagi yuqori sur’atlarda amalga oshirilayotgan vaksinatsiya ishlari epidemiyani to‘xtatish uchun juda muhim, chunki mamlakatda qo‘llanilayotgan Pfizer vaksinasi “britancha” shtammga qarshi samarador natija ko‘rsatgan.

Biroq Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligining rejasiga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar hali emlanmagan, chunki vaksinaning bolalarga nisbatan klinik sinovlari hali tugallanmagan.

Xadasa kasalxonasi pediatrik COVID bo‘limi xodimlari kasalxonaga og‘ir ahvolda yotqizilgan bolalar orasida surunkali xastaligi bo‘lmagan bemorlar ham borligini xavotir bilan qayd etmoqda.

“Bizda koronavirus tufayli o‘ta og‘ir pnevmoniyani boshdan kechirayotgan 9 oylik chaqaloq bor edi. U bir necha kun reanimatsiyada bo‘ldi. Xayriyat, ahvoli tezda yaxshilanib, uni oddiy bo‘limga o‘tkazdik”,— dedi doktor Mandel. Reanimatsiyasidagi bemorlarning aksariyati og‘ir ahvolda bo‘lishiga qaramay, ular orasida o‘lim qayd etilgani yo‘q.

“Ayni paytda ikkita: olti oylik chaqaloq va ikki yashar qizchada og‘ir surunkali kasalliklar mavjud va ular koronavirusga qo‘shilib, umumiy holatni og‘irlashtirgan. Shuning uchun ular sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan holda behush yotibdi”, — deyiladi xabarda.

Ammo COVID reanimatsiya bo‘limidagi eng og‘ir bemorlarning ham ota-onalariga bolalarini ko‘rish uchun tun-u kun ruxsat beriladi. Faqat buning uchun ular kasalxona xodimlari singari kombinezon kiyib olishi kerak, dedi shifokor.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Guruhlarda hazil yoki kinoya qilib aytgan gaplarimni ham chiqarib yuboradigan jurnalistlar bor” — Shohrux G‘iyosov
Mahalliy
“Ko‘pchilik meni yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblaydi” — Shohrux G‘iyosov jurnalist va blogerlarning o‘ziga munosabati haqida gapirdi
Mahalliy
Qo‘shimcha talab etiladigan 37,5 ming tonna piyoz 1-aprelga qadar ichki bozorlarga kiritiladi