Futbol bo‘yicha 2022-yilgi Jahon Chempionati tomoshabinlarga to‘la stadionlarda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino ma’lum qildi.
FIFA rahbari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti brifingida nutq so‘zladi va unda mundial startiga qadar koronavirus yengib o‘tilishini aytdi.
“Bizda stadionlar muxlislar bilan to‘ladi. U vaqtga qadar koronavirus mag‘lub etiladi va biz hammamiz bu bilan yashashga o‘rganamiz”, — deydi Infantino.
Shuningdek, Infantino futbolchilarning vaksinatsiyasi haqida gapirdi.
“Vaksinatsiya, albatta, avvalo sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari va xavfli hududdagi odamlarga berilishi kerak.
Shuni alohida ta’kidlamoqchiman, bizda hech kim futbolchilar birinchilardan bo‘lib vaksinatsiyadan o‘tishi kerak degan fikrda emas. Bu avvalo xavfli hududda bo‘lganlar orasida taqsimlanishi kerak. Futbolchilar yoki rasmiylar orasida emas”, — deydi FIFA rahbari.
Eslatib o‘tamiz, JCh—2022 musobaqasi 2022-yilning 21-noyabridan 18-dekabrga qadar Qatarda bo‘lib o‘tadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!