“Barselona” va hujumchi Lionel Messi o‘rtasidagi shartnoma tafsilotlarining oshkor bo‘lishi “Real”ni ham e’tiborsiz qoldirmadi.
Marca’ning xabar qilishicha, Madrid klubi “Barselona” bu shartnomani tuzishda moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzganlikda gumon qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, klublardagi moliyaviy holatni boshqarishga doir La Liga va UEFA yig‘ilishlarida Xosep Bartomeu davrida moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirgan “Barselona”ning moliyaviy feyr-pley qoidalariga amal qilishi bilan bog‘liq masala ko‘tarilgan.
“Real” prezidenti Florentino Peres har doim bu qoidaga rioya qilgan, shuningdek, UEFA va La Ligadan barcha klublar mazkur qoidalarga amal qilishini nazoratga olishni so‘ragan.
Endilikda “Real” Messining shartnomasi tufayli “Barselona”ning moliyaviy feyr-pley qoidalariga amal qilganiga shubha bilan qaramoqda.
Eslatib o‘tamiz, El Mundo nashri Messi va jamoa o‘rtasidagi 2017-yilda tuzilgan hamda 2021-yilning yozida o‘z nihoyasiga yetadigan shartnoma nusxasini qo‘lga kiritgandi. Shartnomaga ko‘ra, Messi hozirga qadar ushbu shartnoma tufayli 511 million yevro ishlab topgani va bu kelishuv unga umumiy miqdorda 555 million yevro keltirishi ma’lum bo‘lgandi.
Mavzuga doir:
- Lionel Messi “Barselona” bilan shartnomasi tafsilotlarini e’lon qilgan gazeta va yana besh kishini sudga beradi
- “Barselona”da og‘ir damlar: Kataloniya klubining qarzlari 1,2 mlrd yevroga yetdi
- Xosep Bartomeu “Barselona” va Messi o‘rtasidagi shartnoma haqida: “Bu jiddiy muammo, ish sudgacha boradi”
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!