Xitoy raisi Si Szinpin onlayn tarzda o‘tkazilgan Davoss xalqaro iqtisodiy forumida davlatlar COVID-19 koronavirusiga qarshi kurashda birlashib harakat qilishi lozimligi va yangi sovuq urushni boshlashga intilmasligi kerakligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatlarning frontlarga bo‘linishi vaziyatni boshi berk ko‘chaga olib kelishi mumkin.

Foto: France 24

“Kichik guruhlarni tuzish yoki boshqalarni cho‘chitish va ularga tahdid qilish uchun yangidan sovuq urushni boshlash dunyoning bo‘linishiga olib keladi”,— deya Si Szinpin so‘zlaridan iqtibos keltirgan AFP.

Xitoy rahbari bir necha oy avval BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida mamlakatning hech kim bilan na issiq va na sovuq urushda qatnashish niyati yo‘qligini bildirgandi.

Shuningdek, u o‘shanda BMTning pandemiyadan qiynalayotgan davlatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha rejasini qo‘llab-quvvatlab, uning ijrosi uchun 50 million AQSh dollari ajratilishini ma’lum qilgan.