O‘rta Osiyodagi yirik sanoat korxonasi sanalgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Mis eritish zavodi 1963-yilda ishga tushgan bo‘lib, rangli va nodir metallar ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistondagi yagona zavoddir. Mazkur zavod bugungi kunda mis katodi, sulfat kislotasi, mis kuporosi, molibden kuyindisi, perrenat ammoniy, emallangan mis simlari, selen, tellur, palladiy, affinajlangan oltin, affinajlangan kumush hamda suyultirilgan kislorod kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Hozirga qadar korxonada qator modernizatsiyalash ishlari amalga oshirilib, metallni eritish va undan mahsulot olish jarayoniga zamonaviy texnologiyalar joriy qilib kelinmoqda. Xususan, qator sexlarda ma’nan va jismonan eskirgan uskunalar yangisiga almashtirildi. Metallurgiya sexida yangi Vanyukov pechi qurildi, havo taqsimlash sexida kislorod bloki almashtirildi , yangi sulfat kislota sexi barpo etildi.
Zavod direktori Baxtiyor Vaqqosovning so‘zlariga ko‘ra, mis eritish texnologiyasi yildan yilga rivojlanib, yangi texnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilish jarayoni jadal davom etmoqda.
“Mis ishlab chiqarish jarayonida turli xil zararli gazlar ajralib chiqadi, biz ulardan sulfat kislotasini olamiz. Qancha ko‘p sulfat kislotasi ishlab chiqarilsa, atrof-muhitga zaharli gazlarning tarqalishi shuncha kamayadi. Ana shu maqsadda 2015-yilda Germaniya texnologiyasi asosida yangi sulfat kislotasi sexini ishga tushirdik. Natijada 2020-yilgacha sulfat kislotasi ishlab chiqarish unumdorligi ikki barobarga oshib, 688 179 tonnaga yetdi. Hozirda Mis eritish zavodi mamlakatimizning sulfat kislotasiga bo‘lgan ehtiyojining 80 foizdan ortig‘ini ta’minlab kelmoqda”, – deydi Baxtiyor Vaqqosov.
Qayd etish joiz, sanoat korxonalarida ishlab chiqarish ortgani sari undan ajralib chiqadigan gaz miqdori ham mos ravishda ko‘payib boradi. Natijada ularning atrof-muhitga bo‘lgan ta’sirini kamaytirish masalasi kun tartibiga chiqadi. Mis eritish zavodida ham bu borada qator chora-tadbirlar olib borilmoqda. Masalan, 2020-yilda zavodning gazlarni changlardan tozalaydigan elektrofiltrlari joriy ta’mirlandi. Joriy yilda ham bu jarayon davom etyapti.
Zavod direktorining ta’kidlashicha, hozirda atmosferaga ajralib chiqayotgan gazlarni kamaytirishga qaratilgan yirik loyihalarning dastlabki bosqichi boshlab yuborilgan. Loyiha doirasida 2021-2023-yillarda Mis eritish zavodida oltingugurt oksidini qayta ishlab, sulfat kislota ishlab chiqarish hajmini 800 ming tonnagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
OKMKda ishlab chiqarilayotgan sulfat kislotasi nafaqat ichki bozorga yetkazib berilyapti, balki xorijga, jumladan, ko‘shni Qozog‘istonga ham eksport qilinmoqda. Sababi jahon bozorida mazkur xom ashyoga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib boryapti. Xususan, 2019-yilda 664 ming 402 tonna, 2020-yilda 688 ming 179 tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarilib, reja 102,5%ga bajarilgan. Shunga mos ravishda 2020-yilda 100 ming tonnagacha sulfat kislotasi eksport qilingan. Joriy 2021-yilda esa sulfat kislotasi eksportini 130-140 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat raxbari tomonidan qo‘llanib kelinayotgan "Yoshlik 1 konini o‘zlashtirish" investitsiya loyixasi doirasida yangi ikki bosqichli Mis eritish zavodi loyihasi amalga oshirilib, 2024-yilda uning 1-bosqichi, 2028-yilda esa 2-chi bosqichi ishga tushiriladi. Mazkur zavod ishga tushgach ishlab chiqarish quvvatlari bir necha barobarga ortadi, xom ashyolardan kompleks foydalanish imkoniyati kengayadi.
Bundan tashqari, loyiha rangli va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga va atrof-muhitga chiqarilayotgan texnologik gazlar, texnogen chiqindilarni bartaraf qilishga yo‘naltirilgan. Yirik loyiha doirasida yangi zamonaviy metallurgiya agregatlari, mis elektrolizi sexi, sulfat kislotasi sexi, havo taqsimlash sexi, texnogen chiqindilarni qayta ishlash korxonasi barpo etiladi.
Bu kabi loyihalarning ahamiyatli jihati shundaki, ular to‘liq ishga tushgach atrof-muhit uchun zararsiz, xalqaro standartlarga javob beradigan ulkan majmua yuzaga keladi.
“Biz metallurglar jamoasi nafaqat Mis eritish zavodi, kombinatning barcha korxonalari kelajakda yangi texnologiyalar asosida samarali faoliyat olib borishiga ishonamiz va albatta, bunga erishamiz. Asosiy maqsadimiz ham shu”, – deya qo‘shimcha qildi zavod direktori.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yildan yilga o‘sib borayotgan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari uni muntazam zamon talabiga moslab borishni taqozo etadi. Bu yerda modernizatsiyalash ishlari yakunlangach uning mamlakat iqtiqodiyotiga qo‘shayotgan hissasi yanada oshishi shubhasiz.
Reklama huquqi asosida.
Izoh (0)