AQShning birinchi xonimi Melaniya Tramp turmush o‘rtog‘i Donald Tramp prezidentligi davrida Oq uyning madaniy merosini asrab-avaylashga va tiklash ishlarini olib borishga harakat qilgan. Bu haqda “Interfaks” xabar qilmoqda.

Foto: Reuters

“So‘nggi to‘rt yil davomida men kuzatgan loyihalar, menimcha, nafaqat Oq uy merosini saqlab qoldi, balki uning go‘zalligi va ulug‘vorligini kelajak avlodlar uchun boyitdi”, – deyiladi birinchi xonimning Oq uy veb-saytida e’lon qilingan eslatmasida.

Melaniya Tramp boshqalar qatorida prezident liftini, hammomni, birinchi qavatdagi marmar polni, bouling zalini, Rose Garden va tennis pavilyonini qayta jihozlaganini eslatib o‘tdi. CNN ta’kidlashicha, bu joylar, bog‘ va marmar poldan tashqari jamoatchilik uchun yopiq, ulardan faqat prezidentning oilasi foydalanadi.

Telekanal tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Melaniya Tramp AQShning eng past reytingga ega birinchi xonimiga aylanadi. Respondentlarning 47 foizi u haqda salbiy fikr bildirgan. So‘rovnoma 2021-yil 9-yanvardan 14-yanvargacha o‘tkazilgan bo‘lib, unda 1003 kishi ishtirok etgan.