G‘ulomjon Murodxo‘jayev Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

G‘ulomjon Murodxo‘jayev 1979-yil Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1999-yilda Namangan davlat universitetini, 2010-yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1999-yilda Namangan viloyati Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari boshqarmasi yetakchi mutaxassisligidan boshlagan.

2005—2016-yillarda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi bosh mutaxassisi, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Namangan viloyat monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Namangan shahar hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Namangan viloyat Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida ishlagan.

2016—2020-yillarda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lgan.

U 2020-yildan hozirga qadar Prezident huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori lavozimida faoliyat yuritayotgandi.

G‘ulomjon Murodxo‘jayev Namangan viloyati hokimining 2021-yil 18-yanvardagi qarori bilan viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.