Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazidagi park hududiga pullik kirish tartibi 31-martga qadar uzaytirildi. Markaz direksiyasining bu haqdagi buyrug‘i 11-yanvar kuni chiqarilgan.

Foto: Musulmonbek Ibrohimov / “Daryo”

Tashkent City’ning parkiga kirish Yangi yil bayrami arafasida — 2020-yil 17-dekabr kuni pullik qilib belgilangan edi. Kirish chiptalari narxi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga — bepul, 5 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun — 5 ming so‘m, 12 yoshdan kattalar uchun — 10 ming so‘m, pensionerlarga — 5 ming so‘m (guvohnoma bo‘lgan taqdirda), nogironligi bo‘lgan shaxslarga — bepul (guvohnoma bo‘lgan taqdirda), yengil avtomobilda kirish — 20 ming so‘m (yo‘lovchilarni hisobga olgan holda).

O‘shanda Siti direksiyasi rahbari Bahrom Rizayev “pullik rejim bir oyga rejalashtirilgani, keyingi natijalarga qarab biror-bir xulosaga kelinishi”ni ma’lum qilgan edi. Dastlabki reja bo‘yicha, pullik kirish tartibi 10-yanvarga qadar davom etishi kerak edi. Biroq 11-yanvar kuni Bahrom Rizayev pullik kirish tartibini 31-martga qadar uzaytirish to‘g‘risida buyruq chiqargan.

Foto: Musulmonbek Ibrohimov / “Daryo”

Buyruqda ta’kidlanishicha, pullik kirish tartibi park faoliyatini saqlab turish xarajatlarini hamda bog‘ infratuzilma va obyektlarini 2021-yilgi mavsumga tayyorlash xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida uzaytirilgan. Siti hududiga kirish tariflari o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Park hududiga pullik kirish tizimi aynan qanday omillardan kelib chiqib belgilangani yuzasidan “Daryo” muxbirining so‘roviga direksiya rahbari Bahrom Rizayev javob berishdan bosh tortdi.

Dekabr oyida Tashkent City parkiga kirish pullik bo‘lganiga munosabat bildirarkan, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bu “Sitining xarajatlari ko‘paygani” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev esa Sitidagi favvoraning otilishiga bir kunda 1 million so‘m sarflanishini ma’lum qilib, “parklarni saqlab turishning boshqacha chorasi yo‘q”ligini ta’kidlagan edi.

Muallif:Musulmonbek Ibrohimov