Farg‘ona viloyatida Cobalt rusumli avtomashina Farg‘ona kanali chekkasiga o‘rnatilgan beton to‘siqqa urilib, kanalga tushib ketdi, deya xabar bermoqda viloyat IIB.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Qayd etilishicha, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani “Katta Boltako‘l” qishlog‘ida kanal bo‘yidan o‘tgan ichki xo‘jalik yo‘lida tungi soat 23:15 larda YTH sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, 1995-yilda tug‘ilgan haydovchi Cobalt rusumli avtomashina boshqaruvini yo‘qotish natijasida mazkur hududdan oqib o‘tuvchi Farg‘ona kanali chekkasida o‘rnatilgan beton to‘siqqa urilib, kanal ichiga tushib ketgan.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Oqibatda haydovchi va ikki nafar yo‘lovchi nafas yo‘liga suv kirishi tufayli vafot etgan.

Hodisa sodir bo‘lgan yo‘l holati yaxshi bo‘lgan, chuqurlar bo‘lmagan. Lekin yo‘l tungi yoritish chiroqlari bilan jihozlanmagani aniqlangan.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda mast haydovchi o‘z boshqaruvidagi Matiz bilan kanalga tushib ketishi oqibatida mashina ichida bo‘lgan amakisining umriga zomin bo‘lgani, Andijonda “Volga”ning kanalga tushib ketishi oqibatida uning salonidagi yo‘lovchi halok bo‘lgani hamda Surxondaryoda kanalga tushib ketgan Nexia-3’da yong‘in chiqishi oqibatida bir oilaning 4 nafar a’zosi vafot etgani haqida xabar berilgandi.