Ijtimoiy tarmoqlarda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan O‘zbekistondagi yordamga muhtoj oilalarga tarqatilgan xayriya mahsulotlari oldida Qorbobolar surati tasvirlangan fotolavhalar turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi ushbu masala yuzasidan izoh berdi.
“Qat’iy ta’kidlaymizki, ‘Vaqf’ xayriya jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan mehr-muruvvat tadbirlari biror-bir sana yoki ijtimoiy bayramlarga aloqasi ham, Qorboboni taklif etishda fondning o‘rni ham yo‘q.
Joylardagi tadbirlarning shakli va mazmuni hududlardagi tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan bo‘lib, bunday farosatsizlikka yo‘l qo‘ygan mahalliy mutasaddilarni mutlaqo oqlab bo‘lmaydi. Xususan, mana shu holatga sababchi bo‘lgan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi vakillari uzr so‘rashlari kerak.
Shunday ekan, tarqatilgan suratlardagi Qorbobolarning “Vaqf” xayriya jamoat fondiga hech qanaqa aloqasi yo‘q. Bu holat uchun fond va uning xodimlarini obro‘sizlantirish haqorat va adolatsizlikdir. Har qanday to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotni istalgan vaqtda fondning o‘zidan olish mumkinligini yana bir bor ta’kidlaymiz”, – deyiladi “Vaqf” fondining axborot xizmati bayonotida.
Avvalroq O‘zbekistonda 25—30-dekabr kunlari “Vaqf” fondi tomonidan xayriya tadbirlari va qurbonliklar o‘tkazilgani hamda “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi “Vaqf” fondiga rahbar etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.