Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi 22-dekabr kuni Ucell mobil operatori tomonidan abonentlar hisob raqamidan noqonuniy yechib olingan 97 million so‘m egalariga qaytarilgani haqida axborot bergan edi. Ucell kompaniyasi agentlikning bu bayonotida noaniqliklar borligini ma’lum qildi.

Agentlik axborotida Ucell tomonidan First IT-Group kontent-provayderi bazasida taqdim etilgan “Al-Chiroq” xizmatida 2020-yil 30-sentabrdan 4-oktabrgacha nosozlik kuzatilgani, buning oqibatida xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, salkam 338 ming abonentning hisob raqamlaridan jami 97,43 million so‘m yechib olingani bildirilgan.

Agentlik bu holat “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga zid (“sotuvchi... ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas”) ekanini eslatgan holda, noqonuniy yechib olingan pullar muammoni agentlik tomonidan hal qilish jarayonida egalariga to‘liq qaytarilgani ta’kidlanadi.

Ucell kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, haqiqatan ham 30-sentabrdan 4-oktabrgacha “Al-Chiroq” xizmatida nosozlik kuzatilgan. Nosozlik 5-oktabrda bartaraf etilgan, 6-oktabrdan esa nosozlik kunlari yechib olingan pul hisob-kitobi boshlangan. “97,43 million so‘m mablag‘ 9-oktabrning oxiriga qadar abonentlarga qaytarildi”, — deyiladi Ucell bayonotida.

Mobil operator bayonotida ta’kidlanishicha, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi salkam 338 ming abonentga 97,43 million so‘m qaytarilishi haqida faqat 6-noyabrga kelib, agentlikning 2-noyabrdagi so‘roviga Ucell yozgan javobdan so‘ng xabar topgan, 19-noyabr kuni qo‘shimcha ravishda jarayon haqida 6 377 sahifadan iborat hujjat agentlikka taqdim etilgan.

Ucell’ning alohida qayd etishicha, agentlikning 22-dekabrda e’lon qilingan bayonotidagi “agentlik tomonidan muammoni hal qilish jarayonida... mablag‘lar to‘liq qaytarildi” so‘zlari noto‘g‘ri, “chunki aslida Ucell agentlikdan 2-noyabr kuni kelib tushgan so‘rovga qadar mablag‘larni qayta hisoblab chiqqan va pullarni abonentlarga qaytarib bo‘lgandi”.

“Ucell har bir abonent bilan shaffof, ochiq, samarali va tiyiniga qadar aniqlikda ishlaydi”, — deya qo‘shimcha qilingan Ucell’ning bayonotida.