Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

“Shabi arus” tadbirlarida ishtirok etish uchun xorijiy va o‘zbekistonlik jurnalistlardan iborat guruhlar 14–20-dekabr kunlari Turkiyaning Konya va Istanbul shaharlarida bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan uyushtirilgan safar davomida ommaviy axborot vositalari vakillari Jaloliddin Rumiyning ustozi Shams Tabriziy masjidi hamda oshpaz Otashbozi Valiy maqbarasini ham borib ko‘rishdi.

Shams Tabriziy bog‘i.

Shams Tabriziy bog‘i.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shams Tabriziy masjidi.

Shams Tabriziy masjidi.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shamsiddin Muhammad Ali o‘g‘li Malikdod Tabriziy XIII asrning buyuk mashoyixlaridan bo‘lib, 1185 -yili Tabrizda ruhoniy oilasida tug‘ilgan. U hamisha yelkasiga qora namat tashlab yurar, safarlarda faqat karvonsaroylarda yashardi. Tabriziy hijriy 1244-yili Konyaga keladi va qandolatchilar kulbasiga tushadi.

Konya shahrining markazida Jaloliddin Rumiy hamda Shams Tabriziyning uchrashgan joyi bor. Bu yerga maxsus haykal o‘rnatilib, qadamjo qilingan. Ularning uchrashuvi tarixi ham qisqacha qayd etilgan. Boshqa ma’lumotlarga asosan 1220-yilda Rumiy o‘z oilasi bilan Kichik Osiyodagi Konya shahriga keladi. Avval shu yerda, keyin Halab, Damashq va Bag‘doddagi madrasalarda tahsil oladi va talabalarga saboq beradi. Rumiyning kamolot cho‘qqisini zabt etishida o‘z zamonasining buyuk allomalaridan biri shayx Shams Tabriziy bilan uchrashuvi juda katta ahamiyat kasb etadi. Bu tarixiy voqea milodiy 1244-yilning kech kuz oylarida Konya shahrida sodir bo‘ladi.

Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy uchrashgan joydagi yodgorlik.

Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy uchrashgan joydagi yodgorlik.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy uchrashgan joy.

Shams Tabriziy va Jaloliddin Rumiy uchrashgan joy.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Rumiy va Tabriziy uchrashuvini ushbu rivoyat bilan bog‘laydi: Mavlono Rumiy Konyada bir hovuz bo‘yida ko‘p kitob mutolaa qilib o‘tirganida Shams Tabriziy bir darvesh qiyofasida uning yoniga keladi va “bu qanday kitoblar?”, deb so‘raydi. Shunda mavlono “Bu qiylu qoldir, bu bilan sening nima ishing bor”, deya tanbeh beradi. Shunda Shams Tabriziy bu kitoblarni hovuzga tashlaydi. Rumiy g‘azab ila qo‘zg‘alib, “Nima qilib qo‘yding, bu kitoblarning ko‘pchiligi otamdan menga yodgor bo‘lib qolgan edi, endi ularni qanday topaman?”, deya faryod soladi. Shunda Shams Tabriziy hamma kitoblarni qup-quruq holatda suvdan chiqarib beradi. Rumiy hayratlanib, “Bu ne sinoatdur?” deya so‘raydi. Shunda Shams Tabriziy “Buni zavqi hol derlar, bu bilan sening ne ishing bor?“, deya javob qaytaradi. Shundan so‘ng ular o‘rtasida ustoz-shogirdlik aloqalari yuzaga keladi. Jaloliddin Rumiy Tabriziydan tasavvuf, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta o‘rganib, ma’naviy jihatdan kamolotga yetgan, deb qaraladi. Shams Tabriziyning vafoti sanasida turli bahslar mavjud edi. Ammo keyingi tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, shayx 1248-yili olamdan o‘tgan yoki dushmanlari tomonidan o‘ldirilgan.

Namoz o‘qayotgan tashrif buyuruvchi.

Namoz o‘qayotgan tashrif buyuruvchi.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shams Tabriziy maqbarasi va masjidi Qoratoy tumani, Shams Tabriziy bog‘ida joylashgan. Mavlono maqbarasidan 10 daqiqalik uzoqlikda joylashgan. Alouddin Kayqubod tepaligining sharqiy tomonidagi maqbara va masjid bir-biriga ulanib ketgan.Me’morchilik nuqtai nazaridan maqbara saljuqiylarning an’anaviy qubbasiga o‘xshaydi. Qabr keyinroq qurilgan qo‘rg‘oshinli qopqoq bilan yopilgan. Tabriziyning qabri mana shu seksiya ostidagi sarkofagga qo‘yilgan, deb hisoblanadi.

Shams Tabriziy maqbarasi XIII asrda qurilgan. 1510-yilda amir Is’hoq Abdurazzoq tomonidan ta’mirlanib, masjid bilan birga kengaytirilgan. Masjid maydoni bilan birga, u piramidali ustki qatlam, tashqi qavatidagi sakkiz burchakli baraban va ichki shiftiga ega. Ayvon shaklidagi joyda turgan qabr ustida qalam bilan bezatilgan Bursaning yog‘och arkasi ko‘zga tashlanadi. Korpusi toshdan, konusi g‘ishtdan qilingan qabr 1977-yilda ta’mirdan chiqqan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Rumiy shaxsiga doir yana bir qadamjolardan biri — Otashbozi Valiy maqbarasi. 

Otashbozi Valiyning tug‘ilgan joyi va sanasi haqida ma’lumotlar yo‘q. Uning haqiqiy ismi Yusuf bin Izziddin, deb aytiladi. Rumiyning o‘g‘li Sulton Valadga xizmat qilganidan so‘ng 1284-yilda, yoshi 100 ga yaqinlashib qolganda olamdan o‘tgan. Uning hayoti mo‘jizalarga to‘la ekanligi qayd qilingan. Kunlardan bir kuni Otashbozi Valiy dargohda ovqat qilayotganida o‘tin qolmaganini sezib qoladi. Rumiyning oldiga borib “Mavlono, oshxonada o‘tin qolmabdi, nima qilay?”, deb so‘raganida u hazillashib “Oyog‘ingizni qo‘yib qaynating”, deydi. Otashbozi buni chinga olib, haqiqatan ham shunday taom pishiradi. Aynan shu kundan boshlab uning ismi Otashbozi deyiladi.

Otashbozi Valiy maqbarasi.

Otashbozi Valiy maqbarasi.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Boshqa bir afsonada esa Otashbozi Mavlononing mehmoniga ovqat pishirish uchun o‘tin yo‘qligidan noiloj chap oyog‘ini olovga qo‘yib, o‘tin o‘rnida foydalanadi. Xonaga kirganda Rumiy ko‘rmasligi uchun o‘ng oyog‘ining barmoqlari bilan chap oyog‘ining kuygan joylarini yashiradi. Shundan so‘ng ushbu harakat urfga aylanib, darvishlar shayx yoki tariqat keksalari kelganida takrorlay boshlagan. Yana bir xatti-harakatda o‘ng qo‘lni chap yelka ustiga qo‘yadi hamda belni bukmasdan egiladi.

Saljuqiylar uslubidagi Otashbozi Valiy maqbarasi 1285-yilda uning vafotidan so‘ng qurilgan hamda dunyoda oshpazlarga atalgan yagona maqbara sanaladi. Oshpazlar  darvishlar dargohida doim alohida e’tiborga molik insonlar bo‘lgan. Dargohga endigina qo‘shilganlar matbaxtda 3 kun teri ustida o‘tirib darvishlar xizmatini kuzatgan. Muddat tugashi bilan agar u hali ham fikridan qaytmagan bo‘lsa, shayxning ruxsati bilan xizmatga kirishgan. Dargohga qabul qilinmaganlar esa bu haqda oyoq kiyimlarining tashqariga olib chiqib qo‘yilishidan xabar topishgan. Ya’ni ularning qalbi vayron bo‘lmasligi uchun yuziga aytilmagan.

Maqbaraga kirish qismi.

Maqbaraga kirish qismi.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Otashbozi Valiy qabri Meram bog‘ida, Konya o‘quv-tadqiqot shifoxonasining janubi-sharqida joylashgan bo‘lib, dag‘al ishlov berilgan tosh va g‘ishtdan kvadrat shaklda, sakkiz burchakli qoplamaga ega qilib, piramidali konus bilan o‘rab bunyod etilgan. Ikki qavatli maqbaraning pastki qismi xotirlash, tepa qismi duo o‘qish joyi. Qiblaga qaragan duo o‘qish qismida “Ushbu qabr millat va din quyoshi, Rajab oyining 684-yilida vafot etgan”, deb yozilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
BMTda Shinjondagi uyg‘urlarga nisbatan jinoyatlarni tekshirishga 19 ta davlat qarshi chiqdi, ular orasida O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor
Mahalliy
O‘zbekistonning ayrim hududlarida 8-oktabr kuni kechasi harorat 3 darajagacha tushadi
Dunyo
Zaporojyega uyushtirilgan raketa hujumi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi (foto)