Toshkent shahrida namunaviy dizayn asosida avtobus oraliq bekatlarini tashkil etish borasidagi yagona konsepsiya poytaxt Transport boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. Bu haqda idora rahbari Anvar Jo‘rayevga tayanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.
Avtobus bekatlarini yangi tipdagi loyiha asosida yaratish Toshkent hokimining qarori bo‘yicha amalga oshirilmoqda. Hujjat muhokamasi o‘tgan yili yakunlangan, biroq haligacha qabul qilingani yo‘q.
Transport boshqarmasining ma’lum qilishicha, Parkent va Maxtumquli ko‘chalaridagi “Mexanika zavodi” hamda Ahmad Donish va Amir Temur shohko‘chasidagi “Yunusobod bozori” bekatlariga loyiha doirasida ilk konstruksiyalar o‘rnatilgan.
Bekatlarga konstruksiyadan tashqari, bankomatlar, vending apparatlari, bepul Wi-Fi, marshrutlar va avtobusning yetib kelish vaqti bo‘yicha elektron tablo, shuningdek, kuzatuv kameralari, urnalar va mobil qurilmalarni quvvatlantirgichlar o‘rnatilishi kerak. Bundan tashqari, bekatlar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun panduslar bilan jihozlanishi lozim.
Transport boshqarmasi rahbari mavjud bekatlarning asosiy muammosini sanab o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bekatlarning aksariyati do‘konlarga aylanib ketgan. Bekat qachonki do‘kon ishga tushganda ochilishi yo‘lovchilarga noqulaylik tugd‘irmoqda. Avtobus bekatlaridagi do‘kon yopilgach esa ular to‘xtamay qo‘yadi va jamoat transporti shaxsiy avtomobil haydovchilari uchun mo‘ljallangan yo‘lakni egallab ola boshlaydi.
Hokim qarorining loyihasiga ko‘ra, avtobus bekatlariga yagona loyihaga mos kelmaydigan konstruksiyalar o‘rnatilsa, yerni ijaraga berish huquqi bekor qilinadi. Bundan tashqari, avtobus bekatining yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi mumkin. Bu holda ijaraga oluvchi kamida 30 kun oldin yozma ravishda ogohlantirilishi kerak.
Avtobus bekatlarining dizayni O‘z Dst 3196:2017 davlat standartiga mos ravishda tanlov natijalari asosida saralangan. Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish muddati Transport boshqarmasi tomonidan bekatlarning tashqi ko‘rinishi “O‘zstandart” agentligi, Arxitektura va kapital qurilish boshqarmasi, shuningdek, Yo‘l harkati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ma’qullanganidan keyin e’lon qilinadi.