10-dekabr kuni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ruminiyaning favqulodda va muxtor elchisi Romeo Stanchuni qabul qildi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston—Ruminiya hamkorligining holati hamda istiqbollari muhokama qilingan. Uchrashuvda ikki mamlakatning Yevropa Ittifoqi doirasidagi o‘zaro aloqalariga doir masalalarga alohida e‘tibor qaratilgani aytilmoqda.
“O‘zbekiston tomoni Ruminiya bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishga, jumladan, Ruminiya bozoriga ko‘plab turdagi mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil qilish orqali o‘zaro savdoni kengaytirishga alohida ahamiyat beradi”, — deyiladi xabarda.
Muloqot so‘ngida vazir elchining O‘zbekiston—Ruminiya munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholagan. Romeo Stanchu esa o‘z navbatida, Ruminiyaning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati doimiy qo‘llab-quvvatlanganligi uchun minnatdorlik bildirgan.
Ma’lumot uchun, Romeo Stanchu Ruminiyaning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini 2012-yildan buyon boshqarib kelayotgan edi.
Izoh (0)