Boks bo‘yicha WBA, WBO, IBF va IBO yo‘nalishlarida Jahon chempioni Entoni Joshua (23-1-0, 21 KO) navbatdagi jangini bolgariyalik bokschi Kubrat Pulevga (28-1-0, 14 KO) qarshi o‘tkazadi.
Og‘ir vazn toifasi vakillari o‘rtasidagi jang g‘olibi bir yo‘la to‘rtta kamarga ega bo‘ladi. Londondagi boks kechasi Toshkent vaqti bilan 12-dekabrdan 13-dekabrga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi. Asosiy jang 03:00—04:00 atrofida boshlanishi taxmin qilinmoqda.
Jangdan oldin Joshua va Pulev vazn o‘lchash marosimida ishtirok etdi. Unga ko‘ra sportchilar quyidagi vaznlarni qayd etdi:
- Entoni Joshua — 108,8 kg
- Kubrat Pulev — 107,9 kg
Eslatib o‘tamiz, Entoni Joshua va Kubrat Pulev o‘rtasidagi jang bunga qadar ikki bor bekor bo‘lgandi. 2017-yilda jangning o‘tkazilishiga bolgariyalik sportchining jarohati to‘sqinlik qilgan bo‘lsa, 2020-yilgi jang koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!