Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Amaldagi AQSh prezidenti Donald Tramp Amerikaning yirik OAVlari tomonidan prezident saylovi g‘olib deb atalayotgan demokrat Jo Baydenning inauguratsiyasiga qatnashmasligi mumkin, deb yozadi “RBK”.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Axios nashri o‘z manbasiga tayanib xabar qilishicha, Tramp teletomoshabinlar uchun o‘z prezidentligining “buyuk finali”ni uyushtirishni rejalashtirmoqda: u Vashingtonda yangi davlat rahbarini olqishlamoqchi emas.

Buning o‘rniga, Tramp 20-yanvar — Bayden prezident lavozimiga kirishadigan kuni Oq uyni vertolyotda tark etib, so‘ng Air Force One (AQShda bortida davlat rahbari bo‘lgan har qanday samolyot shunday ataladi) samolyotida Floridaga jo‘nab ketishni va u yerda Baydenga qarshi mitingda nutq so‘zlashni mo‘ljallamoqda.

Shu tariqa, Tramp teletomoshabinlar e’tiborini o‘z raqibining prezident lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan marosimdan chalg‘itmoqchi, deb yozadi Axios. Floridada Tramp 2024-yilgi saylovlarda qatnashish niyatini e’lon qilishi mumkin.

Oq uy rasmiy vakili Jadd Dir Axios nashriga anonim manbalarga ishonish kerak emasligini aytdi. “Prezidentning rejalaridan xabardor ekanligini da’vo qilayotgan anonim manbalar aslida ular haqida tasavvurga ham ega emas. Prezident Tramp 20-yanvarga taalluqli rejalar tuzsa, ular haqida o‘zi sizga xabar beradi”, — dedi Dir.

Donald Tramp 3-noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda mag‘lub bo‘lganini tan olmay, saylov natijalari qalbakilashtirilganini da’vo qilmoqda. U ba’zi muhim shtatlarda ovoz berish yakunlari qayta ko‘rib chiqilishini talab qilib, buning uchun 9 million dollar ham sarfladi. Ammo byulletenlarning qayta sanab chiqilishi Baydenning g‘alabasini ko‘rsatdi. Sudlar ham amaldagi prezident jamoasining ovoz berish va byulletenlarni hisoblash jarayonidagi qonun buzilishlari haqidagi da’volarini rad etdi.

Dekabr boshida Tramp saylovlar halol bo‘lgan taqdirdagina mag‘lubiyatini tan olishini bildirgandi. “Men saylovda mag‘lub bo‘lishga qarshi emas, lekin u adolatli bo‘lishini xohlayman. Istamaydigan narsam shuki, saylovlar Amerika xalqidan o‘g‘irlab olinmasin”, — dedi Tramp.

Keyinroq AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp 2024-yilda davlat rahbari lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishi mumkinligini bildirdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
General Pyotr Pavel Chexiyaning yangi prezidenti etib saylandi
Dunyo
Amerikadagi rus mafiyasi boshlig‘iga aylanib, Rossiyada o‘lim topgan “qonundagi o‘g‘ri” — “Yaponchik”. Kun xronologiyasida 29-yanvar
Mahalliy
Markaziy bank raisining kripto-aktivlar bo‘yicha ma’lumoti rad etildi