“Bavariya” darvozaboni Manuel Noyer Chempionlar Ligasidagi ketma-ket g‘alabalar soni bo‘yicha rekord qayd etdi.

Foto: Twitter

“Zalsburg”ga qarshi kechgan bahsda (3:1) germaniyalik darvozabon YChLdagi ketma-ket 15-g‘alabasini nishonladi. Noyer 2019/20-yilgi mavsumda 11 ta o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsa, joriy mavsum jamoasi bilan guruh bosqichidagi to‘rtta  o‘yinni yutuq bilan yakunladi.

Shu tariqa Noyer “Yuventus” hujumchisi Krishtianu Ronalduning rekordini yangiladi. Portugaliyalik futbolchi 2013/14 va 2014/15-yilgi mavsumlarda “Real” safida ketma-ket 14 bor g‘alabaga erishgandi.

Eslatib o‘tamiz, Noyer FIFA tasnifi bo‘yicha 2019/20-yilgi mavsum yakunlari bo‘yicha yilning eng yaxshi darvozaboni nomiga da’vogarlar ro‘yxatiga kiritilgan. Ronaldu esa yilning eng yaxshi o‘yinchisiga topshiriladigan The Best sovrini uchun kurashmoqda.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!