Angliya shimolidagi Uest-Yorkshir grafligi politsiyasi o‘tgan dam olish kunlari sodir bo‘lgan noodatiy avariya haqida ma’lumot berdi. Dyusberi shahrida Audi haydovchisi YTHga uchrashi oqibatida avtomobil yaqin atrofdagi uyning eshigini ham o‘zi bilan olib ketgan, deb yozadi Motor.

Foto: Twitter / WYP Roads Policing Unit

Ikkitalik avariya sodir bo‘lgan: avvaliga Audi boshqa bir avtomobil bilan to‘qnashgan. To‘qnashuv zarbi YTH aybdorining mashinasi chetga chiqib ketib, yo‘l bo‘yida joylashgan uyning qanot qismiga urilishiga va sirli ravishda uning kirish eshigini “yulib ketishi” uchun yetarli bo‘lgan. Natijada eshik Audi’ning tom qismiga sanchilib qolgan.

Tom qismiga shikast yetgani va old oyna singaniga qaramay haydovchi biror marta ham tormozni bosmagani sabab mashina yana bir necha metr yo‘l bosgan. Noodatiy avariya oqibatida faqat Audi haydovchisi yengil jarohat olgan.

Ma’lum qilinishicha, avtomobilning 18 yoshli egasi qo‘lga olingan, politsiya esa yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha tergovlarni davom ettirmoqda. Avariya vaqtida yigitcha alkogol va giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgani aytilmoqda.

Avvalroq AQShning Korvallis shahrida Tesla Model 3 haydovchisi katta tezlikda daraxtga urilib, elektromobil va unga o‘rnatilgan batareya butunlay sochilib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.