“Barselona”da moliyaviy vaziyat tobora keskinlashmoqda

“Barselona” milliardlab daromad ko‘radigan klub, ammo u shu bilan birga milliardlab xarajat va qarzlarga ham ega”, – degandi Kataloniya klubining sobiq prezidenti Xoan Laporta 2020-yilning bahorida.

O‘shanda u nafaqat, Xosep Bartomeuning faoliyatini tanqid qilgan, balki klubning yangi rahbari bo‘ladigan kishi uchun qiyin davrlar bo‘lishini  bashorat qilgandi. Buni bilish uchun esa juda bir katta mutaxassis yoki ekspert bo‘lish ham shart emasdi. Sobiq prezident Xosep Bartomeu uzoq yillik faoliyatidan so‘ng barcha direktorlar kengashi bilan muddatidan oldin iste’foga chiqib, ana o‘sha yillar davomida to‘planib kelgan muammolar uyumini tashlab ketdi.

Vaqtinchalik rahbariyat esa hozirda muammolarni hal etish o‘rniga ularni yashirish bilan ovora. Bankrotlikka olib kelmaslik uchun tezkorlik bilan qabul qilingan futbolchilarning oylik maoshlarini vaqtincha qisqartirish haqidagi xabarning eskirishi bilanoq, Messi va Neymar haqidagi yangi xabarlar paydo bo‘ldi. Bu Messining PSJga o‘tishi mumkinligi haqida emas, balki anchagina jiddiy bo‘lgan moliyaviy muammolar haqida edi.

Braziliyalik futbolchi 43,6 million yevroga oid mojaroni davom ettirmoqda, ushbu mablag‘ unga “Barselona” bilan shartnoma imzolagani uchun berilishi kerak edi. Neymar PSJga o‘tib ketganiga qaramay, summaning oxirgi yevrosigacha  undirib olmoqchi. Yozda sud klub foydasiga qaror chiqarib, hatto Neymarning “Barselona”ga 7,6 million to‘lashi kerakligini belgilagandi. Ammo endilikda futbolchi va uning atrofidagilar qaror yuzasidan apellyatsiya berish huquqidan foydalanmoqda. Messi borasida esa hech qanday janjal yo‘q, balki majburiyatlar bor, chunki argentinalik futbolchi 2017-yilda imzolagan shartnomasi asosida klubga bo‘lgan sadoqati uchun bonusga ega bo‘lishi kerak. U mablag‘ning bir qismini fevral oyida olgandi, kelasi yozda esa klub unga yana 33 million yevro ajratishi kerak bo‘ladi.

Tozalash ishlarining ikkinchi bosqichi

“Barsa” katta ehtimol bilan qishda yangi futbolchilarsiz qolib ketishi mumkin. Garchi klub hozirda bir qator futbolchilar bilan xayrlashib, yangi o‘yinchilarni sotib olishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, bu yozdagi tozalash ishlarini eslatib yubormoqda, xolos. O‘shanda jamoa Vidal, Rakitich, Suares singari futbolchilarni ramziy summalar yoki bepulga qo‘yib yubordi. Shuningdek, “Yuventus” bilan ayyorona almashinuv amalga oshirildi.

Qishda jamoani tark etadiganlarning ham yangi ro‘yxati tuzilgan. Ulardan birinchisi, ijaradan qaytganidan beri deyarli o‘ynamayotgan Karlos Alenya. Ikkinchisi esa Xunior Firpo. Uning Xordi Albaga o‘rinbosar bo‘lishi kutilgandi, biroq unday bo‘lmadi. Shuningdek, har ikkala qanotda ham bemalol o‘ynay oladigan Serjinyo Dest transferidan so‘ng Firpo zaxiraga “mixlandi”. Aslida Firponing transferi avvalboshidan ko‘pchilikda shubha uyg‘otgandi, boisi uning sobiq jamoasi “Betis” uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynardi. Agar Firpo boshqa jamoaga sotilsa, murabbiylar shtabi uning o‘rniga “Barselona B”da ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan 17 yoshli Alexandro Baldeni jalb qilmoqchi.

Yana bir samarasiz transfer, bu Martin Breytueytning “Leganes”dan 18 million yevroga favqulodda sotib olingani bo‘ldi. Daniyalik futbolchi jarohat olgan Suaresni vaqtincha almashtirishi kerak edi, ammo shu orada uch oylik karantin joriy etildi, chempionatlar qayta tiklanganidan so‘ng esa urugvaylik futbolchi allaqachon safga qaytib bo‘lgandi.

Foto: Twitter

Va nihoyat “Barsa” muxlislari uchun eng og‘riqli mavzu – Riki Puchning tarkibdan tushib qolayotgani. Yozda Kike Setyen  so‘nggi yillardagi klub akademiyasining eng iqtidorli bitiruvchisi hisoblangan yarim himoyachiga ishonch bildirdi, o‘z o‘rnida Puch ham tomoshabinlarni o‘ziga maftun eta oldi. Biroq Ronald Kuman kelishi bilan Puch uning rejalariga kirmasligini ma’lum qildi va unga ijaraga ketishni maslahat berdi. Hozirda u deyarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayapti. Niderlandiyalik murabbiyning tanqidchilari bundan g‘azablanmoqda, ammo Kuman shu paytgacha Pedri va Trinkaudan unumli foydalanayotgani uchun uni yoshlarga nisbatan ishonchsizlikda ayblab bo‘lmaydi. Puch esa katta ehtimol bilan vaqtincha klubini almashtiradi.

Jamoani kuchaytirishi mumkin bo‘lgan uch nomzod

Bu yerda yuqorida aytib o‘tilgan o‘yinchilar bilan xayrlashish istagi pulni tejash uchun arzimagan istak ekanligini va bularning barchasi bosh murabbiyning xohishiga ko‘ra amalga oshirayotganligini anglash mumkin. Bundan tashqari, hozirgi muammolar Ansu Fatining jarohati tufayli yana-da kuchaydi. Yosh futbolchi operatsiya qilindi va endi u to‘rt oy davomida maydonga tusha olmaydi. Usmon Dembele esa hamon eski Dembeleligicha qolmoqda. To‘g‘ri, fransiyalik futbolchi nihoyat sog‘lom bo‘lib, bir qator sifatli o‘yinlarni o‘tkazdi, ammo baribir faqat unga ishonib qolish to‘g‘ri qaror bo‘lmaydi. Buning ustiga uning klubdagi holati murakkab tus olgan. Klub yuqori maosh oluvchi “billur oyoq” sohibidan qutulishni istayotgan bo‘lsa, Kuman uni jamoada olib qolmoqchi. Hozirda futbolchiga “Manchester Yunayted” qiziqish bildirmoqda. Uning klub bilan shartnomasi esa 2022-yilning yozida o‘z yakuniga yetadi.

Potensial yangi keladiganlar haqida gap ketadigan bo‘lsa, “Barsa” birinchi navbatda markaziy himoyachiga muhtoj, chunki ideal tandem hisoblanmaydigan Pike–Langle juftligi jamoaning yagona alternatividir. Aynan shu tufayli Frenki de Yong pastroq tushib o‘ynashga majbur bo‘lmoqda. “Ko‘k-anorranglilar” hozirda “Manchester Siti”ning qishda Erik Garsiyani arzonroqqa beradi deb umid qilmoqda. Boisi klubda boshqa variant ham, mablag‘ ham yo‘q.

Foto: Twitter

Va, albatta, hozirda ikki niderlandiyalik futbolchi Depay va Veynaldum jamoaning asosiy transfer maqsadi bo‘lib turibdi. Memfis Kumanning sevimli futbolchisi hisoblanadi. Uning kutilgan o‘yinni namoyish eta olmagan Grizmanning o‘rnini to‘ldirishi kutilmoqda. Veynaldum bilan bog‘liq vaziyat ham ancha qiziq bo‘lib, mavsum boshlanishidan oldin Yurgen Klopp yarim himoyachini “Enfild”da qolishga ishontirdi, ammo “Liverpul” hanuzgacha unga yangi shartnoma taklif qilmayapti, tabiiyki, bu futbolchining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Jamoa hech bo‘lmaganda “Lion” bilan yangi kelishuvdan bosh tortgan Depayni olib kelish uchun ham o‘z me’yorlari bo‘yicha kamtarona miqdordagi summani topishi kerak, ammo hozircha eski qarzlar klubni jarlikka tortishda davom etmoqda...