“Real” bosh murabbiyi Zinedin Zidan La Liga 10-turi doirasida “Vilyarreal”ga qarshi kechadigan bahs oldidan taqvim borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: AS

Bu borada tortishuvga bormoqchimasman. Biroq shuni aytishim kerak, hozirgi taqvim — haddan tashqari. Men faqat futbolchilar sog‘lig‘i haqida o‘ylayapman va boshqa hech narsa. Ular to‘xtamayapti va faqat o‘z o‘yinchilarim haqida gapirmayapman. Men haqiqatan ham xavotirdaman.

Munozaraga kirishmoqchi emasman. Taqvimni tuzib chiqadigan odamlar bor. Ammo xavotirdaman.

FIFA va UEFA bu holatga yo‘l qo‘yganiga munosabatim? O‘ylashimcha, har bir murabbiy uni eshitishlarini his qilishi lozim. Nimanidir o‘zgartirish uchun boshqa murabbiylar bilan ham uchrashdik. Bugun nimani o‘ylayotgan bo‘lsam, shuni gapiryapman. Bu bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan shaxslar bor. Ko‘ramiz, bundan keyin nima bo‘lar ekan.

Gap futbolchilar sog‘lig‘i haqida ketmoqda. Futbol yaxshi shou bo‘lishi kerak, biroq o‘yinchilar sog‘lig‘i katta ahamiyat kasb etadi. Gap faqat mashg‘ulotlarda emas. Tiklanish juda muhim, biroq unga vaqt yo‘q. Men bu mavzuda gapirishni xohladim va barcha fikrlarimni bayon qildim.

Zinedin Zidan, “Real” bosh murabbiyi

Eslatib o‘tamiz, terma jamoalar yig‘inidan Serxio Ramos va Rafael Varan jarohat bilan qaytdi. Biroq fransiyalik futbolchi “Vilyarreal”ga qarshi o‘yin qaydnomasidan o‘rin oldi.

Shuningdek, jamoada Alvaro Odriosola, Federiko Valverde va Karim Benzema jarohat olgan. Eder Militao, Kazemiro va Luka Yovich koronavirus bilan kasallangan.

“Real” 21-noyabr kuni “Vilyarreal”ga qarshi o‘ynaydi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 20:15 da boshlanadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!