Xitoy fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAAC) Uzbekistan Airways kompaniyasining Toshkent—Sian yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Sinxua agentligiga tayanib, Spot xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, parvozlarning to‘xtatilishiga 5-noyabr kuni amalga oshirilgan reysning 11 nafar yo‘lovchisida COVID-19 aniqlangani sabab bo‘lgan. HY501 reysining to‘xtatilishi 23-noyabrdan boshlab to‘rt hafta davom etadi.

Xitoyning fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi 4-iyun kuni COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun xalqaro yo‘lovchi tashishni rag‘batlantirish va to‘xtatib turish mexanizmini joriy qilgan.

Mazkur mexanizmga ko‘ra, agar mamlakatga havo yo‘li orqali yetib kelgan barcha yo‘lovchilarda ketma-ket uch hafta davomida koronavirusga toshirilgan testlar salbiy natija bersa, u holda aviakompaniya parvozlar sonini haftasiga ikkitaga ko‘paytirish uchun ruxsat oladi.

Ammo agar COVID-19 testining javobi ijobiy bo‘lgan yo‘lovchilar soni 5 nafarga yetsa, u holda ushbu reys bir haftaga to‘xtatiladi. Agar bunday yo‘lovchilar soni 10 nafarga yetadigan bo‘lsa, u holda ushbu yo‘nalishdagi parvozlar to‘rt hafta davomida to‘xtatiladi.

Xitoyning fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi Uzbekistan Airways aviakompaniyasi bekor qilingan parvoz kvotalarini boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazishga haqli emasligini ma’lum qilgan.