“Garri Potter” filmida Ron Uizli ismli qahramon rolini ijro qilgan aktyor Rupert Grint, Instagram olamida yangi rekord qo‘ydi. Bu haqda BBC xabar berdi, deb yozadi “Korrespondent.net”.

Foto: Getty Images

Bundan bir hafta avval Instagram’da sahifa ochgan aktyor, ilk marotaba jajji qizi bilan tushgan suratini joylagan. Shundan keyin to‘rt soat-u 1 daqiqa ichida unga 1 million kishi obunachi bo‘lgan. Bu esa Instagram’dagi avvalgi rekordlarni yangilagan.

Bundan avvalgi rekord tabiat haqidagi hujjatli filmlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan 94 yashar Devid Attenboro tomonidan qo‘yilgan edi. U to‘rt soat-u 44 daqiqada 1 million obunachi yig‘gan. Endilikda Rupert yetakchilik qiladigan eng qisqa vaqtda bir million obunachiga ega bo‘lgan rekordsmenlar orasida aktrisa Jennifer Eniston (5 soat, 16 daqiqa) uchinchi, Malika Megan Markl va shahzoda Garri (5 soat, 45 daqiqa) to‘rtinchi hamda pop yulduzi Kan Daniel (11 soat 36 daqiqa) beshinchi hisoblanadi. 12 soat natija bilan Rim papasi Fransisk oltinchi hamda 24 soatda 1 million obunachiga ega bo‘lgan futbol yulduzi Devid Bekxem yettinchi bo‘lib turibdi.