Bortida 4 astronavt bo‘lgan Crew Dragon kemasi XKSga muvaffaqiyatli qo‘ndi (video)
Amerikaning SpaceX kompaniyasiga qarashli Crew Dragon kemasi Toshkent vaqti bilan 09:01 da Xalqaro koinot stansiyasiga muvaffaqiyatli tarzda tutashdi, deb yozadi “RBK” kompaniya Twitter’iga tayanib. Tutashish avtomatik rejimda amalga oshirildi.
“Tutashish tasdiqlandi — Crew Dragon XKSga qo‘ndi”, — deyiladi xabarda.
https://twitter.com/NASA/status/1328549778179772416
Shundan keyin ekipaj stansiyaga o‘tishga tayyorlana boshladi. Bu jarayon bir necha soat vaqt olishi mumkin.
https://twitter.com/SpaceX/status/1328073539094626304
Uch amerikalik — Maykl Xopkins, Viktor Glover va Shennon Uoker hamda bir yapon astronavti — Soiti Nogutidan iborat ekipaj XKSda olti oy mobaynida bo‘lib turadi.
Eslatib o‘tamiz, bortida to‘rt nafar astronavt bo‘lgan Falcon 9 uzatkich-raketasi Crew Dragon kemasi bilan Floridada joylashgan Kennedi Kosmik markazi maydonchasidan Xalqaro kosmik stansiya tomon uchirilgan edi. Bu Crew Dragon’ning ichida astronavtlar bo‘lgan ikkinchi va NASA bilan SpaceX’ning shartnomasi doirasidagi birinchi parvozi hisoblanadi.
Parvoz dastlab 14-noyabrga belgilangan, ammo noqulay ob-havo sharoiti tufayli, start qoldirilgan edi.
SpaceX AQShga ekipajni XKSga o‘z kemalari yordamida yetkazish imkoniyatini qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. 2011-yilda Space Shuttle dasturi yopilganidan buyon amerikaliklar Rossiyaning “Soyuz” kemalaridan foydalanib kelayotgan edi.
Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilgan Crew Dragon kosmik kemasi 30-may kuni Xalqaro kosmik stansiya tomon uchirilgan edi. 31-may kuni esa Crew Dragon XKSga muvaffaqiyatli tutashgan va 3-avgust kuni Yerga muvaffaqiyatli qo‘ngandi.