Ilon Mask kompaniyasi tomonidan yaratilgan Crew Dragon kosmik kemasi Yerga qaytib keldi. Bortida astronavtlar Duglas Xyorli va Robert Benken bo‘lgan kema Meksika qo‘ltig‘iga kelib qo‘ndi, deb xabar beradi NASA.

Kosmik kema 2-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:35 da stansiyadan ajralgan. Crew Dragon’ning Yerga yetib kelishiga 19 soat vaqt ketgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kosmik kema Atlantika okeanining Florida qirg‘oqlariga kelib qo‘nishi kerak edi.

Avvalroq Crew Dragon kosmik kemasi Yerga qaytish uchun Xalqaro kosmik stansiyadan ajralgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilgan Crew Dragon kosmik kemasi 30-may kuni Xalqaro kosmik stansiya tomon uchirilgan edi. 31-may kuni esa Crew Dragon XKSga muvaffaqiyatli tutashgan.