Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 35 kishiga yetdi, 243 kishi esa shifoxonalarda davolanmoqda. Bu haqda 31-oktabr kuni Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Fahriddin Ko‘ja ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Korrespondent”.

Foto: “RIA Novosti”

Shu bilan birga, jarohat olib shifoxonaga yotqizilganlarning sakkiz nafari reanimatsiya bo‘limida.

Zilzila oqibatida jami 892 kishi jarohat olgan. Ularning 831 nafari Izmirda, 54 nafari Oydinda, beshtasi Manisada, ikkitasi Balikesirda qayd etilgan.

Izmirda kamida 20 bino qulab tushgani xabar qilindi. Zilzila kichik sunamini keltirib chiqardi, oqibatda Seferihisarning qirg‘oq ko‘chalarini suv bosdi.

Eslatib o‘tamiz, 30-kuni tushdan keyin Turkiyaning g‘arbiy qismida 6,6 balli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila episentri Egey dengizida, Izmir viloyatining Seferihisar shahri yaqinida bo‘lgan.

Zilzila kuchi Gretsiya orollarida ham sezildi. Grek seysmologlari uning kuchini 6, 9 ball deb baholadi. Zilzila oqibatida Gretsiyaning Samos orolida ikki kishi halok bo‘ldi va 20 kishi jarohat oldi. Orolda 6 oylik favqulodda holat e’lon qilindi.

Avvalroq zilzilada halok bo‘lgan yoki jarohat olganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligi ma’lum qilindi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyada yuz bergan zilzila sababli Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga hamdardlik bildirdi.