Amerikalik UFC jangchisi Toni Fergyuson yengil vazn toifasida UFC chempioni Habib Nurmagomedovning vazn toifasidan qat’i nazar promoushenning eng kuchli jangchilari reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarilganiga o‘z munosabatini bildirdi va undan kuchli bo‘lgan jangchilar nomini aytdi.

Foto: Getty Images

U janglarining yarmini Yevropada o‘tkazgan va bu asosan, ikki raundli janglar edi. U hech qachon men bilan jang qilmagan. Agar siz men bilan hech qachon jang qilmagan bo‘lsangiz, qanday qilib sizni birinchi raqamli deb hisoblash mumkin?

Jon Jons, Anderson Silva, Jorj Sen-Pyer, Mett Hyuz — bu yigitlarning hammasi Habibdan ancha kuchli. Ular sovrin uchun necha marta jang qilgan, nega ularni unutdingiz?

Toni Fergyuson, UFC jangchisi

Shuningdek, Fergyuson Nurmagomedov u bilan jang qilishdan “qochib ketganini” qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, Habib va Toni o‘rtasidagi jang turli sabablarga ko‘ra besh marta bekor qilingan. Ularning so‘ngisi 2020-yilning apreliga to‘g‘ri kelgandi. Keyinchalik Fergyuson Habibning o‘rnini egallagan Jastin Getjiga qarshi jangda mag‘lub bo‘ldi va yengil vazn toifasi vaqtincha chempionlik kamarini boy berdi.