O‘zbekiston tovar xomashyo birjasi 19–23-oktabr oralig‘ida o‘tgan birja savdolariga 207 ming 384 tonna sement qo‘yilganini ma’lum qildi. Shundan 197 ming 457 tonnasi, ya’ni 95,2 foizi sotilgan. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 39,5 ming tonnani tashkil qildi.

Foto: Quora

Yuqorida qayd etilgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 566,5 ming so‘mdan 556,5 ming so‘mgacha, ya’ni 1,8 foizga pasaygan.

Hafta boshida savdolar sementning bir tonnasiga o‘rtacha 566 ming so‘m xarid narxi bilan boshlangan, 23-oktabr kuni 1 tonna sementning o‘rtacha xarid narxi 556 ming so‘mgacha arzonlashgan. Haftaning ilk to‘rt ish kunida sementga xaridorlar soni ko‘paygan, ish haftasining oxirida xaridorlar 67 ga kamayib, yakunda 506 ta subyekt birja savdosida xaridorga aylangan.

Oktabr oyi boshida sementning bir tonnasi birjada o‘rtacha 608 ming so‘mga sotilgandi. 23-oktabrdagi xarid narxi (556 ming so‘m) hozircha qurilish mavsumining so‘nggi bosqichida ko‘rsatilgan eng maqbul narx bo‘lib qolmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda sement va oyna monopol mahsulot turi qatoridan chiqarilishi xabar qilingandi.