28-oktabr soat 09:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 4 million 125 ming 938 nafarga yaqin odamda koronavirusga PZR (polemeraza zanjir reaksiyasi) test tahlillari o‘tkazilgan. Bu haqda AOKA huzuridagi shtabda tashkil etilgan brifingda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Botir Qurbonov ma’lum qilgan.

Skrinshot: UzreportTV

Respublikada tashkil etilgan 135 tadan ortiq davlat muassasalari, qolaversa, 20dan ortiq xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan PZR, IFA, IXLA usullarida koronavirus infeksiyasiga qarshi tekshirish tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda. 27-oktabrda kun davomida O‘zbekistonda 23 659 ta PZR usulida tekshiruvlar amalga oshirildi. Ya’ni har kuni 20 mingdan 30 minggacha bo‘lgan tekshiruvlar amalga oshirilmoqda.

Botir Qurbonov, Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi

Eslatib o‘tamiz, 15-sentabr kuni o‘tkazilgan brifingda Respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov maktablarda o‘quv jarayonining boshlanishi munosabati bilan kuniga 60 mingdan ko‘proq aholi COVID-19’ga tekshirilayotgani, laboratoriya tahlillari o‘tkazilayotganini aytgan. Undan oldinroq, 7-sentabr kuni Koronavirusga qarshi kurash shtabining yana bir a’zosi Rustam Ikromov kuniga 30 mingdan 40 mingtagacha laboratoriya test tahlili o‘tkazilayotgani, shundan 200-300 tagacha holatda musbat natija aniqlanayotganini bildirgan edi.

Avvalroq shtab a’zosi Nargiza Nurullayeva O‘zbekistonda COVID-19 bilan qayta kasallanish holatlari qayd etilayotganini ma’lum qilgani, Xitoy Fanlar akademiyasi va Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari uchinchi bosqichi O‘zbekistonda ham bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida ham xabarlar berilgan edi.