Hyundai kompaniyasi o‘z lineykasidagi eng kichkina elektrokarni — Hyundai 45 konseptining bolalar uchun mo‘ljallangan modifikatsiyasini yaratdi. Elektromobil ikkita elektrodvigatel bilan jihozlangan va emotsional-adaptiv boshqaruv tizimi orqali harakatga keladi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Hyundai

Mitti avtomobilning tashqi ko‘rinishi Hyundai 2019-yili Frankfurtdagi avtosalonda taqdim etgan to‘liq o‘lchamli 45 shou-karidan ko‘chirilgan.

Hozircha o‘z nomiga ega bo‘lmagan mini-versiya retro uslubdagi burchaksimon kuzov va xuddi suratdagiga o‘xshash optikaga ega. To‘liq o‘lchamli modeldan farqli o‘laroq 45 kuzovi yog‘ochdan ishlangan va tom qismi olib tashlangan, salonida bitta o‘rindiq joylashgan.

Elektrokar o‘zgarmas tok bilan ta’minlovchi ikkita elektrodvigatel yordamida soatiga 7 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Kichkina avtomobil bir marta quvvatlanish orqali qancha masofa bosishi hozircha noma’lum — hali u sertifikatsiya sinovidan o‘tkazilishi kerak. Hyundai matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “haydovchi sxemasi yordamida” harakatlanish uzoqligini qo‘shimcha ravishda oshirish mumkin bo‘ladi.

Avvalroq internetda Hyundai Ioniq 5 seriyali elektrokrossoveri prototipining yangi suratlari, Hyundai Tucson’ning esa final sinovlari tasvirlangan video paydo bo‘lgandi.