Ozarbayjon Qurolli kuchlari Tog‘li Qorabog‘ janubidagi Kubatli shahrini egalladi. Bu haqda Armaniston Mudofaa vazirligi vakili Artsrun Ovannisyan ma’lum qildi, deb yozmoqda “Interfaks”.

Foto: BBC

“Kecha kechqurun janglar vaqtida Ozarbayjon tomoni Kubatli shahrini egallashga va bir nechta yo‘nalish bo‘yicha oldinlashga muvaffaq bo‘ldi”, — deya ma’lum qilgan Ovannisyan 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta yo‘nalish bo‘yicha Ozarbayjon tomoni muvaffaqiyatga erishgan, biroq vaziyat qaltis emas.

Armaniston Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Qurolli kuchlari 26-oktabr kuni janubi-sharqiy yo‘nalishda keng qamrovli hujumlarni amalga oshirgan va bir vaqtning o‘zida shaharlarni o‘qqa tutgan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 25-oktabr kuni Zangilan, Jabroil va Kubatli tumanlarining bir qator qishloqlari, shuningdek, Kubatli shahri qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.