Olmaotada Hyundai Trans Kazakhstan yengil avtomobillar ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya saytiga tayanib, Spot xabar bermoqda.

Foto: Spot

Hyundai Trans Kazakhstan bu – Astana Motors kompaniyasining sho‘ba korxonasi. Investitsiyalarning umumiy hajmi 28 milliard tengedan ziyodni tashkil etadi. Ularning 30 foizi Astana Motors kompaniyasining o‘z mablag‘lari, 70 foizi “Qozog‘iston taraqqiyot banki” va “Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan jalb qilingan kredit mablag‘lari hisoblanadi.

Korxonaning maydoni 34 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Birinchi bosqichda korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 30 ming donani, ikkinchi bosqichda esa yiliga 45 ming donani tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

Astana Motors ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning umumiy sonining 50 foizini Qozog‘iston bozorida va qolgan 50 foizini MDH davlatlariga yetkazib beradi. Bugungi kunda kompaniya Hyundai avtomobillarini O‘zbekistonga ham eksport qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Hyundai Trans Kazakhstan zavodining qurilishi 2019-yil 21-aprelda boshlangan. 2020-yil aprel oyida birinchi avtomobil ishlab chiqarildi.

Payvandlash va korpuslarni bo‘yash, avtoulovlarni yig‘ish, plastmassa qismlarini bo‘yash bo‘limlari hamda kam tugunli yig‘ish usuli yordamida avtomobil ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlar omborining rasmiy ishga tushirilishi bo‘lib o‘tdi. Kam tugunli usul yordamida yangi zavodda yig‘ilgan avtomobillar bozorga 2021-yil boshida taqdim etiladi.

Hyundai O‘zbekistonda

Astana Motors 2019-yilda O‘zbekistonda 244 dona Hyundai avtomobillarini sotgan. Kompaniya rahbari Nurlan Smagulov bu hajm hali ham ozligini tan oldi, ammo bozorni juda istiqbolli deb atadi.

“O‘zbekiston hukumati bozorni ochish kerakligini, sog‘lom raqobat zarurligini va iste’molchilar boshqa ishlab chiqaruvchilarni ham ko‘rishni istashini tushunadi”, – dedi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi ikkita avtomobil sotuv markazini tashkil etish hamda Buxoro va Samarqandda bu bo‘yicha hamkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Astana Motors O‘zbekistonga avtomobil eksport qilish uchun bir necha yillardan buyon mamlakat chegaralari ochilishini (avtomobil bojlari nazarda tutilyapti) kutmoqda.

Avvalroq KIA, Volkswagen, Skoda va GAZ avtomobillari O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi haqida xabar berilgandi.