Bugun, 4 mart kuni, “O‘zavtosanoat” AJ va “Folksvagen Grup Rus” kompaniyasi yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: InfoCar

Unga ko‘ra, “Jizzax avtomobil zavodi” MChJ bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish tashkillashtiriladi. Shuningdek ishlab chiqarilgan texnikani sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Hamkorlik 2020-yilda Volkswagen Caddy modelini ishlab chiqarish va sotish bilan boshlanadi. U ikkita modifikatsiyada taklif etiladi: 7 o‘rinli yo‘lovchi universali va yuk furgoni. Ushbu model ham tijorat, ham oilaviy foydalanishga mo‘ljallangan. Avtomobil quvvati 110 o.k. va hajmi 1,6 litrli tejamkor benzinli dvigatel  bilan jihozlanadi. Shahar sikli rejimida yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 9,3 litr, trassada – 100 kilometrga 6,1 litrga to‘g‘ri keladi.

Korxona rejalariga mahalliy avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilarini (bugungi kunda ular “O‘zavtosanoat” AJga tegishli 30 ta yirik zavod va 160 dan ziyod o‘rta hamda kichik korxonalardan iborat) jalb qilish orqali muayyan mahalliylashtirish darajasini ta’minlash ham kiradi.

Qayd etilishicha “Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 000 dona avtomobilga teng bo‘ladi. Hamkorlik doirasida kelajakda Volkswagen Group konsernining keng modellar qatoridan boshqa namunalarni ham ishlab chiqarish va keltirish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Ma’lumot uchun, “Folksvagen Grup Rus” — Volkswagen AG konsernining sho‘ba korxonasi bo‘lib, Rossiya bozorida konsernning yettita rusumi faoliyatini birlashtirib turadi: Volkswagen — yengil avtomobillar, Audi, ŠKODA, Bentley, Lamborghini, Ducati va Volkswagen tijorat avtomobillaridir. Volkswagen AG dunyoda yetakchi va Yevropadagi eng yirik avto ishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi.

Avvalroq UzAuto Motors avtomobillar sotuvini vaqtincha to‘xtatishi xabar berilgan edi.