Kiyevda YouTube bloger navbatdagi “vaqt kapsulasiga” — 1982-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, deyarli butun umri davomida garajda turgan “Kopeyka”ga duch keldi. Uzoq yillar davomida bir joyda turib qolganiga qaramay, 1091 kilometr yo‘l bosgan mashina ideal holatda saqlangan.

Skrinshot: YouTube

Videodan ko‘rish mumkinki, “VAZ-21013” kuzovi xuddi yangidek saqlangan. Avtomobilda zanglash asoratlari yo‘q, jigarrang bo‘yoq bilan qoplangan “Kopeyka” hozirgina konveyrdan chiqqandek. Bundan tashqari, mashina zavoddagi ehtiyot qismlarini to‘liq saqlab qolgan.

Mashinani ko‘zdan kechirgan bloger avtomobil yukxonasida hali biror marta ishlatilmagan asbob-anjomlar jamlanmasiga duch kelgan, salonida “aptechka”, o‘t o‘chirgich, shuningdek, “Belomor” qutisi mavjud. “Kopeyka” interyeri qora rangda ishlangan. Mashina o‘rindiqlari qora rangli sun’iy charm bilan qoplangan bo‘lib, uning ustiga qizil mato qoplangani sabab yaxshi saqlangan. Blogerning so‘zlariga ko‘ra, salondan hamon yangi avtomobilning hidi ufurib turibdi.

Mazkur “Kopeyka” nima sababdan 38 yil harakatsiz saqlanganiga sabablardan biri — avtomobil garajda g‘ildiraklarsiz turgan. Mashinaning kapoti osti ham dastlabki holatida saqlangan. Model 64 ot kuchiga ega 1,2 litrli dvigatel yordamida harakatga keladi.

Avvalroq “Auto.ru” saytida 46 yil avval ishlab chiqarilgan “Kopeyka” 7 ming dollarga sotuvga qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.