Farg‘ona viloyati Rishton tumanida “GAZ-53” yuk mashinasi piyodani urib yubordi, deb xabar beradi viloyati IIB axborot xizmati.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, 14-oktabr kuni T.V. ismli fuqaro “GAZ-53” rusumli avtomashinasini “Bo‘jay” MFY hududida boshqarib ketayotib, yo‘l chetida ketayotgan voyaga yetmagan piyodani urib yuborgan. Oqibatda D.M. tan jarohati olib, shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Rishton tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi haydovchilarni hushyorlikka chaqirib, ulardan yo‘l harakati qoidalarini buzmasliklarini so‘rab qoladi.

Avvalroq Farg‘onada shlagbaumni aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan yuk mashinasi poyezd bilan to‘qnashishi oqibatida haydovchi voqea joyida vafot etgani, shuningdek, Farg‘onada avtomobil boshqaruvini yo‘qotib, daraxtga urilgan 16 yoshli haydovchi shifoxonada vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.