Farg‘ona viloyati Rishton tumanida Nexia-2 rusumli avtomobilga ulangan tirkamaning uzilib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi IIV.

Foto: IIV axborot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, 12-oktabr kuni I.U. ismli fuqaro boshqaruvidagi Nexia-2 rusumli avtomashinaning tirkamasi harakat vaqtida ulangan joyidan chiqib ketib, yo‘l chetidagi daraxtga urilgan. Oqibatda tirkamada bo‘lgan yo‘lovchi tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.

Shuningdek, tirkamada bo‘lgan yana bir yo‘lovchi tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Rishton tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov  harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Farg‘onada oraliq masofa saqlamagan Matiz traktor tirkamasiga urilishi oqibatida avtomobil yo‘lovchisi jarohat olgani, Buxoroda esa traktor tirkamasining ag‘darilib ketishi oqibatida uch ayol vafot etgani, ularning bari qarindosh bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.