Rossiyada so‘nggi sutkada 13 868 kishida koronavirus aniqlandi, deb xabar bermoqda “RBK”, koronavirusga qarshi kurashish tezkor shtabiga tayanib. Bu Rossiyada epidemiya boshlanganidan buyon kunlik kasallanish bo‘yicha mutlaq rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Foto: “TASS”

Sutka davomida COVID-19’dan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha ham rekord o‘rnatilgan — bir kecha kunduzda 244 kishi vafot etgan. Avvalgi rekord 29-may kuni qayd etilgan, shu kuni koronavirusdan vafot etganlar 232 nafarni tashkil qilgan.

Xabarda aytilishicha, sutka davomida aniqlangan kasallanishlar soni bo‘yicha Moskva (4618), Sankt-Peterburg (557), Moskva viloyati (420) va Rostov viloyati (277) yetakchilik qilmoqda.

Moskva koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha ham birinchi o‘rinda. Rossiyadagi COVID-19 qurbonlarining chorak qismi aynan Moskva shahriga to‘g‘ri keladi (5687 kishi). Bir oy ichida Moskvada kasallanish holatlari besh martadan ko‘proq o‘sdi. Kasalxonalarga eng og‘ir bemorlar yotqizilmoqda.

Mamlakatda butun epidemiya davomida 1 326 178 kishida koronavirus qayd etilgan, ularning 22 966 nafari vafot etgan. Hukumat katta shaharlarda bahordagi birinchi to‘lqindan so‘ng zaxiraga olib qo‘yilgan vaqtinchalik kasalxonalarni ochishga qaror qilgan.