Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi S.R. ikki nafar fuqaroga haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilib, ularning 4 million so‘m pulini o‘zlashtirgan. Bu haqda “Daryo”ga tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Mirzayev xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Dehqonobod tumanining “Mustaqillik” mahallasida yashovchi 63 yoshli Gulavad Jumayeva tuman IIBga murojaat qilib, 2020-yil aprel oyida tumanning “Aerodrom” mahallasida yashovchi 64 yoshli S.R. o‘zini “Vatanparvar” o‘quv-sport texnik klubida ishlashini aytib, “karantinda o‘g‘li Ismoil Suvonov o‘quv kursida o‘qiyapti” deb hujjat tayyorlashini va haydovchilik guvohonomasi olib berishini aytgan. Evaziga esa 2 million so‘m pul so‘ragan. Va ayni paytga qadar va’dasini bajarmay, pullarini o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganini, shu sabab unga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Shuningdek, fuqaro Sultonmurod Xolnazarov ham tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, S.R. unga ham tuman “Vatanparvar” o‘quv-sport texnik klubida ishlashini aytib, karantin paytida o‘qiyotgani haqida hujjat tayyorlab berishini, haydovchilik guvohonmasi uchun 2 million so‘m pul berishi lozimligini aytgan. Va ayni paytga qadar aldab kelganini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro S.R.ga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur modda bilan ayblangan fuqaroning aybi isbotlansa, u bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.