Farg‘ona shahrida bir kishini Rossiyadan ish topib berish va u yerga jo‘natish bilan aldab, mazkur fuqaroning 900 dollarini o‘zlashtirgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 28-may kuni fuqaro Sh.S. Farg‘ona shahri markazida joylashgan oshxona oldida fuqaro A.U.ning ishonchiga kirib, 900 dollar evaziga Rossiyadan ish topib berishi va u yerga jo‘natishini aytgan. Sh.S. pullarni olgan, biroq bergan va’dasini bajarmasdan, aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.