AQSh prezidenti Donald Tramp Twitter’dagi videomurojaatida Xitoyga koronavirus tarqatganligi qimmatga tushishini aytdi, deb yozadi “Kommersant”.

Foto: AP

Trampning aytishicha, amerikaliklar xuddi prezident kabi davolanishi uchun ularga kasalxonalarda koronavirusga qarshi dorilar bepul tarqatiladi.

“Bunday voqea yuz bergani sizlarning aybingiz emas, bu Xitoyning aybi. Xitoyga esa bizning mamlakatga qilgan ishi qimmatga tushadi. Xitoyning butun dunyoga qilgan ishi qimmatga tushadi. Shuni esda tutinglar”, — dedi prezident.

Uning ma’lum qilishicha, Amerika vaksinasi saylovlardan keyin chiqishi mumkin. Donald Tramp buni siyosiy kelishmovchiliklar bilan izohladi. Eslatib o‘tamiz, AQShda prezident saylovlari 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Trampni COVID-19’dan davolash narxi 100 ming dollardan oshishi mumkinligi hisoblab chiqilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniyaning 2-oktabr kuni koronavirusga topshirgan testi ijobiy chiqqan. So‘ng u Uolter Rid nomidagi milliy harbiy tibbiyot markaziga yotqizilgan.

Donald Tramp o‘z tarafdorlari bilan uchrashish uchun biroz vaqtga shifoxonani tark etgani xabar berilgan edi. Shuningdek, u koronavirusga topshirgan birinchi testining javobi ijobiy chiqqanini yashirgani ma’lum bo‘lgandi. 6-oktabr kuni esa koronavirusga chalingan AQSh prezidenti Donald Trampga harbiy gospitaldan javob berilgani xabar qilindi.