Jizzakh Auto kompaniyasi 2020-yilning oktabr oyida Volkswagen konserniga tegishli Skoda brendini taqdim etadi. Bu haqda Skoda Uzbekistan kompaniyasi ma’lum qildi.

Foto: Skoda Uzbekistan

Xabar berilishicha, O‘zbekistonda Skoda brendining ilk avtomobili 2021-yilga mansub Skoda Kodiaq to‘liq o‘lchamli yo‘ltanlamasi bo‘ladi. U ikki xil komplektatsiyada taqdim etiladi: besh o‘rindiqli Ambition va yetti o‘rindiqli Style.

Mahalliy bozor uchun ushbu model sig‘imi ikki litrli, quvvati 180 ot kuchiga ega bo‘lgan turbo dvigatel, yetti bosqichli robotlashtirilgan tezlik uzatish qutisi, to‘liq uzatma va panorama lyuk bilan taqdim etiladi.

Foto: Skoda Uzbekistan

Kompaniya tomonidan ma’lum qilinishicha, dilerlik tizimi va xizmat ko‘rsatish jarayonlariga alohida e’tibor berish rejalashtirilgan. Shu sababli Toshkent shahrida ikkita Skoda dilerlik markazi ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, Qo‘qonda esa yana bitta dilerlik markazining qurilish ishlari yakunlanmoqda. Ushbu avtosalonlarda avtomobil xarid qilish, kafolat va sotuvdan keyingi servis xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Foto: Skoda Uzbekistan

Foto: Skoda Uzbekistan

Qayd etilishicha, avtomobillar narxlari oktabr oyida e’lon qilinadi, avtomobil qiymatining bir qisimni to‘lab, oldindan buyurtma berish mumkin bo‘ladi. Dastlabki avtomobillarning yetkazib berilishi 2020-yilning noyabr oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Skoda Kodiaq’ning 2020-yil oktabr oyida O‘zbekiston bozoriga sotuvga chiqishi kutilayotgani haqida avvalroq xabar berilgandi. Prezident qaroriga ko‘ra, birinchi bosqichda — 2020−2021-yillarda Volkswagen va Skoda avtomobillarini O‘zbekistonga tayyor holda olib kirish rejalashtirilgan. Farg‘ona, Toshkent va Jizzaxda dilerlik va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ishga tushiriladi. Ikkinchi bosqichda — 2022-yildan boshlab to‘liq ishlab chiqarish sikli tashkil qilinadi va investitsiyalar hajmi, avtomobil eksporti masalalari ham hal qilinadi.

Avvalroq Jizzaxdagi avtomobil zavodda yig‘iladigan Kia avtomobillari — Seltos va K5 modellarining narxlari e’lon qilingandi.