“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
14:28, 05.10.2020 8401

Shvetsiyada Nobel haftaligi boshlandi

Shvetsiya va Norvegiyada 5-oktabr kuni Nobel haftaligi boshlandi, haftalik davomida ushbu nufuzli mukofotning 2020-yildagi sovrindorlari aniqlanadi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.

Foto: EPA

Stokgolmdagi Nobel qo‘mitasi 5-oktabr, dushanba kuni mukofotning tibbiyot bo‘yicha, seshanba kuni — fizika, chorshanba kuni — kimyo, payshanba kuni esa adabiyot bo‘yicha sovrindorlarini e’lon qiladi.

Dunyodagi eng nufuzlilardan biri hisoblanadigan dunyoda tinchlik o‘rnatishga hissa qo‘shganlik uchun mukofot sovrindori, an’anaga ko‘ra, Osloda e’lon qilinadi. Marosim 9-oktabr, juma kuniga belgilangan. Nobel qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil tinchlik mukofotiga 318 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda, ulardan 211 nafari — jismoniy shaxs bo‘lsa, 107 tasi — tashkilotlardir.

Nobel qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, mukofot olishga potensial nomzodlar ro‘yxati sir saqlanadi.

Ammo qator OAVlar yil davomida tinchlik mukofotiga ba’zi mashhur prezident va siyosatchilar ilgari surilgani haqida xabar bergan edi. Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilgani, mukofot qo‘mitasiga rus yozuvchisi Sergey Komkov ariza yuborgani aytilgan edi.

19-sentabr kuni esa rossiyalik olim, Nyu-Jersidagi Ratgers universiteti professori Sergey Yerofeyev siyosatchi Aleksey Navalniy Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatilganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq norvegiyalik deputat, keyinroq Shvetsiya parlamenti a’zosi Donald Trampga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti berishni taklif qilgandi.

Ma’lumot uchun, Nobel fondining Direktorlar kengashi 2020-yildan boshlab Nobel mukofoti miqdorini 1 million shved kronasiga (taxminan 110 ming AQSh dollari) oshirishga qaror qildi. COVID-19 epidemiyasi tufayli 2020-yilda mukofotni topshirish an’anaviy marosimi o‘tkazilmaydi.

Boshqa yangiliklar