Shvetsiya parlamenti a’zosi Magnus Yakobsson AQSh prezidenti Donald Trampga, shuningdek, Serbiya va Kosova hukumatlariga tinchlikka erishish va iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi birgalikdagi harakatlari uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini berish taklifi bilan chiqdi, deb xabar beradi “Interfaks”.

Foto: AP Photo

“Men tinchlik va iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi harakatlari uchun Nobel mukofotini Amerika rahbariyati, Serbiya va Kosova hukumatiga berishni taklif etdim”, — deb yozadi Yakobsson o‘zining Twitter’dagi sahifasiga.

O‘tgan hafta Vashington vositachiligida Belgrad va Prishtina iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olgan edi.

Avvalroq Norvegiyaning “Taraqqiyot partiyasi” deputati Kristian Tibring-Gedde Trampni dunyodagi siyosiy mojarolarning tinchlik yo‘li bilan hal etishdagi harakatlari sabab Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatgandi. Mazkur qarorning chiqarilishiga 15-sentabrda Vashingtonda imzolanadigan Birlashgan Arab amirliklari hamda Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni me’yorlashitirishga qaratilgan kelishuv asos bo‘lgan. BAA Isroilga nisbatan 48 yil davom etgan iqtisodiy boykotni bekor qildi. BAA Isroil bilan tinchlik kelishuviga erishgan kam sonli arab mamlakatlaridan biri hisoblanadi.