Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida 6,5 milliard so‘mga qurilgan ko‘prik 1 yil-u 7 oy xizmat ko‘rsatgach yaroqsiz holga kelgandi. Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, ushbu ish bo‘yicha 2020-yil 29-sentabr kuni tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlab yuborilgan.

Foto: “Daryo”

“Termiz transport prokuraturasining 2020-yil 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qarori bekor qilinib, 2020-yil 29-sentabr kuni tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlab yuborildi”, — deyiladi Surxondaryo viloyat prokuraturasining “Daryo”dagi maqolaga munosabatida.

Viloyat prokuraturasining izoh berishicha, pudratchi va buyurtmachi o‘rtasida imzolangan 2014-yil 21-apreldagi shartnomada ko‘prik qurilishini zimmasiga olgan pudratchining majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, pudratchi majburiyatlarini to‘liq bajarmagan. Bu viloyat prokuraturasiga ma’lum bo‘lgan. Biroq, koronavirus pandemiyasi sabab prokuratura tergov-surishtiruv jarayonlarini olib borolmagan.

“Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi, davlat ahamiyatidagi 4r-105 ‘Darband-Boysun-Elbayon’ avtomobil yo‘lining 76-kilometrida joylashgan, uzunligi 66 pogonametr bo‘lgan ‘Polvontosh’ selgasi ustidagi ko‘prikning oraliq tayanch ustunlari 1 metrga cho‘kishi va ustki plitalari qulashi natijasida ko‘prik yaroqsiz holatga kelib, hozirgi kunda piyodalar va avtomashinalar harakati cheklangan. Mazkur holat yuzasidan ‘Surxon qurilish nazorat o‘lchov’ MChJ va viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi mutaxassislari tomonidan rasmiylashtirilgan dalolatnomaga ko‘ra o‘tkazilgan nazorat o‘lchovida pudratchi korxona tomonidan haqiqatda bajarilgan ishlar ‘Bajarilgan ishlarni tasdiqlovchi schyot-faktura ma’lumotnomasi’ ga qo‘shib yozish holatlari aniqlanmagan”, — deyiladi prokuratura munosabatida.

Foto: Telegram

Surxondaryo viloyat prokuraturasining qo‘shimcha qilishicha, loyiha smeta hujjatlariga nisbatan bajarilmagan ishlar hajmi 34 million 491 ming 265 so‘mni tashkil qiladi.

Mazkur muammoni o‘rgangan “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan qumqo‘rg‘onliklar “Mana shu ko‘prik 1 yil 7 oy deganda shunday ‘avariya’ holatiga kelib qoldi. Holbuki, bu ko‘prikka 6,5 milliard so‘m sarflangandi. Ish sifatsiz bajarilgani uchun ko‘prikning ‘umri qisqa’ bo‘ldi. Biz yo‘limiz ham shunday sifatsiz ta’mirlanib, hech qancha vaqt o‘tmasdan yaroqsiz holga kelishidan qo‘rqyapmiz”, — degandi.

Foto: Telegram

“Ko‘ganli” mahallasida yashovchi aholining “Daryo”ga bildirishicha, mazkur maqola e’lon qilingach, vaziyat tuman hokimligi mas’ullari va yo‘l qurilishiga javobgar shaxslar tomonidan o‘rganilgan va kamchiliklarni bartaraf etishga kirishilgan.