Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida O‘zbekistonning turli hududlaridagi masjidlarda o‘g‘rilik sodir etgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur shaxs O‘zbekistonning turli hududlaridagi masjidlarda odamlarning telefonlari va turli buyumlarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan.

Xabar berilishicha, 2019-yilning yoz va kuz oylarida O‘zbekistonning turli hududlaridagi masjidlarda o‘g‘riliklar sodir bo‘lgan. Namoz o‘qish uchun kelgan fuqarolarning telefonlari, hamyonlari, hujjatlari yo‘qolgan. Toshkent, Samarqand, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida shunday holatlar yuz bergan.

Mazkur shaxs navbatdagi o‘g‘rilikni Qarshi shahridagi “Nava” jome masjidida sodir etayotgan vaqtda qo‘lga tushgan.

Olib borilgan tadbirlar natijasida uning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Bu fuqaro Andijon viloyatida tug‘ilgan Husniddin Kamolov bo‘lib chiqdi. Bu fuqaro muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi tomonidan 5 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum qilingan, biroq o‘talmay qolgan jazo muddati 3 yillik axloq tuzatish ishlari bilan almashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining qaroriga ko‘ra, Husniddin Kamolov Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismining “a” va “v” bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan ko‘p miqdorda sodir etilgan o‘g‘rilik), 227-moddasi 2-qismining “a” bandida (pasport, harbiy bilet yoki boshqa muhim shaxsiy hujjatlar yoxud o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga o‘talmay qolgan axloq tuzatish ishlari jazosini qisman qo‘shish orqali 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.