Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan Shuhrat Mardonov avval ham o‘g‘rilik, giyohvandlik kabi jinoyatlarni sodir etib, besh marta sudlangan. Bu gal u birovning mashinasi yoki uyiga yashirincha kirmadi, balki masjidda ibodat qilayotgan fuqarolarning buyumlarini o‘g‘irladi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining sudyasi Nozimjon Ayubjanov ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

U 2019-yil 9-iyun kuni soat 12:30 da Namangan shahri, Marg‘ilon ko‘chasida joylashgan “Maxdum Eshon” jome masjidiga namoz o‘qish bahonasida kirib, masjid hovlisida turgan Ismoil Yuldashevga tegishli Germaniyada ishlab chiqarilgan 850 000 so‘mlik velosipedni o‘g‘irlab ketib, voqea joyidan yashirinadi.

16-iyul kuni soat 12:50 da Namangan shahri, “Mingchinor” MFYda joylashgan “Abu Yusuf” masjidiga borib, u yerdagilar namoz o‘qiyotganligidan foydalanib, Muzaffar Mamadaliyevga tegishli yon sumkani o‘g‘irlab olib chiqib ketadi. Unda 800 dollarlik iPhone X rusumli telefon, 60 dollarlik Samsung telefoni, 80 dollarlik ovoz uzatgich, ikki dona plastik karta, 200 AQSh dollari va 100 000 so‘m bo‘lgan.

21-iyul kuni Shuhrat Mardonov soat 13:30 da Namangan shahrida joylashgan “Shayx Eshon” masjidiga boradi va u yerda Muhammad Dedamirzayevga tegishli bozor narxi 1 300 000 so‘m bo‘lgan velosipedni o‘g‘irlab ketadi.

U o‘g‘irlagan narsalarni arzon narxga sotib, pullarni ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi. Buyumlari o‘g‘irlangan fuqarolar esa huquqni muhofaza qilish idoralariga ariza bilan murojaat qiladi.

Foto: “Daryo”

Olib borilgan surishtiruv-tergov jarayoni va masjidlarning kirish qismida o‘rnatilgan kuzatuv kameralari yordamida Shuhrat Mardonovning shaxsi aniqlanib, qo‘lga olindi. Unga nisbatan JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov yakunlangach, ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan sudiga yuborildi.

Sudda jabrlanuvchi Muzaffar Mamadaliyev va Muhammad Dedamirzayev pul va buyumlaridan voz kechgan bo‘lsa-da, Shuhrat Mardonovga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Ismoil Yuldashev esa moddiy zararni undirish va qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Foto: “Daryo”

JIB Namangan shahar sudi Shuhrat Mardonovni JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topib, jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan 2019-yil 9-sentyabrda tayinlagan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil va 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.