O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning ukasi Badriddinxon Alimov vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.

Foto: Musulmonlar idorasi matbuot xizmati

Marhumning vafoti munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Usmonxon Alimovning oilasiga hamdardlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 11-iyulida Usmonxon Alimovning ukasi Islomxon Alimov, 12-dekabrda esa yana bir ukasi Sultonxon Alimov vafot etgandi.

Xabarda muftiyning ukasi o‘limiga nima sabab bo‘lganiga oydinlik kiritilmagan.

Avvalroq Samarqand shahar bosh imom-xatibi Nuriddinxon Islomov, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani bosh imom-xatibi Tohir domla Ismatillayev, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh Turmatov vafot etgani haqida xabar berilgandi.