O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 17-sentabr kuni Bo‘stonliq tumanida yashagan, koronavirusga chalingan 11 yoshli M.O‘. vafot etgani haqida xabar berdi. Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tayanib ma’lum qilishicha, M.O‘.ning 2012-yildan beri nogironligi bo‘lib, “Surunkali glomerulonefrit, nefrotik shakli, gematurik sindrom. Kamqonlik 3-daraja. Semizlik 3-daraja. Surunkali buyrak yetishmovchiligi” tashxisi bilan Bo‘stonlik tumani ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinikasi umumiy amaliyot shifokori tomonidan nazoratga olingan.

Qayd etishlaricha, M.O‘. tuman ko‘p tarmoqli Markaziy poliklinikasida doimiy nazoratda bo‘lgan va nogironlik nafaqasini olgan. Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasining bolalar nefrologiyasi bo‘limida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tashxis bilan yiliga ikki martadan yotib, davolanib kelgan. Xususan, so‘nggi bor 2020-yil 11-iyuldan 20-iyulgacha “Surunkali glomerulonefrit aralash turi, buyrak yetishmovchiligi, buyrak funksiyasining buzilishi, anemiya og‘ir formasi” tashxisi bilan Chirchiqdagi Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nefrologiya bo‘limida davolangan.

Bemor M.O‘. 5-sentabr kuni soat 9:00 da Bo‘stonliq tumani Tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga burundan qon ketishi, tana haroratining 37,5—38,0 darajaga ko‘tarilgan holda olib kelingan. Reanimatolog, infeksionist, pediatr mutaxassislari birgalikda konsilium o‘tkazilib, bolani Chirchiqdagi koronavirus gospitaliga yuborish haqida qaror qabul qilingan.

M.O‘. shu kunning o‘zida Chirchiq shahar koronavirus gospitaliga og‘ir ahvolda olib borilgan, “Surunkali glomerulonefrit, nefrotik shakli, gematurik sindrom. Kamqonlik 3-daraja, semizlik 3-daraja. Surunkali buyrak yetishmovchiligi, qon ivishining buzilishi. COVID-19. Shifoxonadan tashqari ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligi” tashxisi bilan soat 11:30 da reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rilgan reanimatsion davo choralariga qaramay, bolada 5-sentabr kuni soat 19:50 da biologik o‘lim holati yuz bergan.

Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, bolaning o‘lim tashxisi quyidagicha: “Surunkali glomerulonefrit. Nefrotik turi. Semizlik 3-daraja. Anemiya 3-daraja. Surunkali glomerulonefrit, buyrak yetnshmovchiligi terminal bosqichi. Kasalxonadan tashqari ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir kechishi”. Bola o‘tkir nafas, yurak qon-tomir yetishmovchiligi 3-darajasi asoratidan vafot etgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, Viloyat SEOM virusologiya labarotoriyasida M.O‘.dan koronovirus infeksiyasiga PZR usulida olingan va 97253-sonli namuna natijasiga ko‘ra, unda COVID-19 tashxisi tasdiqlangan.