Donald Tramp Eron AQShga hujum qilishga urinsa, undan ming baravar shiddatliroq javob qaytarishidan ogohlantirdi. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda u o‘zining Twitter’dagi sahifasida yozib qoldirgan.

Foto: Getty Images

Uning aytishicha, Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga qasos sifatida AQShga qarshi suiqasd yoki boshqa hujumni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin. “Eronning AQShga har qanday ko‘rinishdagi biror-bir hujumiga javob Eronga ming baravar shiddatliroq bo‘ladigan zarbadir!”, — deb va’da bergan Tramp.

Qayd etilishicha, kuni kecha Politico nashri general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga javob tariqasida Eron hukumati JARdagi AQSh elchisi Lanu Marksga suiqasd rejalashtirilganini ma’lum qilgan. Nashr manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, Marksga yuzaga kelayotgan xavf haqida AQSh razvedkasi bahordan buyon bilgan, ammo so‘nggi bir necha haftada tayyorgarlik ko‘rilayotgan hujum haqida yanada batafsil ma’lumot paydo bo‘lgan. Xususan, elchini o‘ldirish fitnasiga JARdagi Eron elchixonasi aloqador bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan.

Nashrning qayd etilishicha, Amerika razvedkasi nima uchun ehtimoliy nishon sifatida aynan Eron bilan uncha aloqador bo‘lmagan Marks tanlanganini tushunmagan. Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, buni elchining AQSh prezidenti Donald Tramp bilan azaliy do‘stligi bilan izohlash mumkin.

Politico manbasining qayd etishicha, Marksga suiqasd oliy martabali generalning o‘ldirilishiga ehtimoliy javobning bir necha variantlaridan biri xolos.

Eslatib o‘tamiz, Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ning “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy 3-yanvar kuni AQSh havo kuchlari tomonidan Bag‘dod aeroportiga berilgan aviahujum oqibatida o‘ldirilgandi. Zarba AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga asosan berilgan. U IIMKni terrorchilik tashkiloti deb hisoblagan va Qosim Sulaymoniyni mintaqada, xususan, Iroqda bo‘lib turgan amerikalik diplomatlar va harbiylarga hujum qilishni rejalashtirganlikda ayblagan. Eron esa unga javoban Iroqdagi Amerika bazasiga hujum qilgan. Buning oqibatida 100 dan ortiq amerikalik jarohatlangan.