Qonunchilik palatasi tomonidan shu yil 18-fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 28-fevralda ma’qullangan va Prezident tomonidan 13-mart kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgani haqida xabar qilingan edi.  Bu jarayon qanday kechadi, o‘zbek tilini bilish darajasi qanday aniqlanadi kabi savollarga O‘zbekiston Respublikasi FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov javob berdi.

Foto: “Daryo”

“Davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonini o‘tkazish va davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (ToshDO‘TAU) huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi yoki uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilishi qaror loyihasida qayd etilgan.

Mazkur imtihon talabgorning doimiy yashash joyi bo‘yicha hududiy markazida o‘tkazilib, davlat tilini bilishga qo‘yiladigan minimal talablar asosida test shaklida amalga oshiriladi. Test sinovi O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan imtihon komissiyasi a’zolari va kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkaziladi. Test savollari soni 20 ta bo‘lib, 30 daqiqa vaqt beriladi. Test sinovi yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning 50 foizidan kam (15 balldan kam) ball olgan talabgor o‘tmagan deb hisoblanadi va qayta qatnashish uchun test sinovlari o‘tkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin belgilangan tartibda ariza bilan murojaat qilib, to‘lov qilgandagina test sinovlariga qo‘yiladi”, — deydi Nizomiddin Mahmudov.

Ta’kidlanishicha, o‘zbek tilini bilish nutqiy, lingvistik, va matnni tushunish kompetensiyalari kabi darajalar bilan belgilanadi. Bu bo‘yicha Adliya vazirligi huzurida attestatsiya komissiyalari tuzilmoqda.

Shuningdek, mazkur masala bo‘yicha Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilinib, joylardagi hokimlik va tashkilotlarning rahbarlariga til masalalari bilan bog‘liq maslahatchi tayinlanishi belgilangan.