Lucid Motor startapi hashamatli Lucid Air seriyali elektromobilini rasman taqdim etdi. Tesla’ning asosiy raqobatchisi hisoblanuvchi modelni yaratishga 10 yildan ortiq vaqt sarflangan, deb xabar beradi The Verge.

Foto: The Verge

Yangi model to‘rt versiyada taqdim etiladi. Air’ning eng kichik modeli texnik tavsifi hozircha ma’lum emas. Ta’kidlanishicha, u 80 ming dollardan 2020-yilda sotuvga chiqadi.

Air Touring va Air Grand Touring modifikatsiyalariga esa mos ravishda 629 va 811 ot kuchiga ega motorlar o‘rnatiladi. Birinchi model bir marta quvvatlanish orqali 653 kilometr, ikkinchisi esa 832 kilometr yo‘l bosa oladi.

Cheklangan miqdorda ishlab chiqariluvchi Air Dream Edition versiyasi esa 1095 ot kuchiga ega ikkita elektromotorga ega bo‘ladi va u soatiga 97 kilometr tezlikka 2,5 soniyada erisha oladi. Model bir marta quvvatlanish orqali 809 kilometr masofa bosishi mumkin. Mazkur elektromobil narxi 169 ming dollarni tashkil etadi va 2021-yilning bahorida sotuvga chiqadi.

Foto: The Verge

Foto: The Verge

Mashinani 34 dyuymli egilgan 5K-sifatga ega suriluvchan sensorli displey yordamida boshqarsa bo‘ladi.

Lucid kompaniyasi Tesla tajribasidan foydalanish niyatida — hamyonbop modellarni ishlab chiqarish uchun ko‘proq qimmat avtomobillar sotish. AQSh, Kanada, Osiyo va Yevropaning ayrim mamlakatlarida hashamali Lucid Air elektromobillariga buyurtmalarni qabul qilish boshlangan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Xitoyning BYD avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o‘zining yangi Han EV elektrokarini taqdim etgan va u Tesla Model 3’ga raqobatchi tayyorlayotganini bildirgandi.